thumb Polifoniya ( poli... va fon) — ovoz (kuy)larning ifodaviy-badiiy oʻzaro tengligiga asoslangan koʻp ovozlilik turi. Aksi — gomofoniya. Turli xalqlar musiqa merosida va kompozitorlar ijodida asosan 3 ta Polifoniya turi ajratiladi: kuy va unga joʻr boʻluvchi variantlarning baravar sadolanishiga asoslangan yordamchi ovozli Polifoniya; ovozdan ovozga oʻtadigan bitta kuy (mavzu)ga asoslangan imitatsiya Polifoniya; bir necha mustaqil kuy bir vaqtning oʻzida sadolanishiga asoslangan kontrastmavzuli Polifoniya Yevropa kup ovozli musikasida IX asrdan maʼlum (organum, diskant, diafoniya, kontrapunkt). Tarixiy rivojida qatʼiy (XV—XVI asrlar, yetuk misollari Niderland maktabi vakillari, Palestrina va boshqa ijodida) va erkin (XVII asrdan, I.S. Bax, G. F. Gendel va boshqalar) Polifoniya davrlari ajratiladi. XX asrda I. Stravinskiy, D. Shostakovich, Polifoniya Xindemit, O. Messian, B. Britten, V. Lyutoslavskiy va boshqa ijodida shaklan va usluban boyidi. Oʻzbekiston kompozitorlari (G. Mu-shel, T. Qurbonov va boshqalar) Polifoniya ga muhim oʻrin ajratib, uni oʻzbek musiqa merosiga xos bayon va rivojlanuv xususiyatlar bilan uzviy bog'lashga intilishgan. Polifoniya oʻquv fani sifatida maxsus musiqa taʼlim tizimiga kiritilgan. Uzbek musiqashunoslari XX asr oʻrtalaridan uzbek bastakorlari ijodida Polifoniya va monodiya uygʻunlashuviga asoslangan yangi —polimonodiya uslubini ham ajratadilar. Mazkur uslub muayyan sozlar tembri, oʻzaro farqlanuvchi sadolar yoʻnalishi, cholgʻular yoki ansambl ovozlarining oʻziga xosligi bilan belgilanadi. Dastlab u K. Jabborov, M. Mirzayev va, ayniqsa, F. Sodikov kabi bastakorlarning cholg'u kuylari va ayrim ashula asarlarida shakllangan. Keyinchalik N. Qulabdullayevning "Oʻylamang", A. Ismoilovning "Uchrashuv", "Holim soʻrma", "Favvora", "Toʻyona" kabi asarlarida yorqin ifodasini topgan.

Adabiyot Koralskiy A., Polifoniya v tvorchestve kompozitorov Uzbekistana. — Voprosi muzikoznaniya, vip. 2, T., 1971; Qurbonov T., Polifoniya, T., 1991.OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

Manbalar