Sikhizm — Hindistondagi monoteistik din; hinduiylikning diniy islohotchilik harakatining gʻoyaviy shakllaridan biri. XVI asr boshlarida Panjobda paydo boʻlgan. Sikhizm asoschisi — Nanak (1469—1539). Ilk Sikhizm shaharda yashovchi savdogar-hunarmandlar doiralari mafkurasini ifodalagan. Sikhizm barcha odamlarni xudo oldida teng hisoblaydi, tarkidunyochilik (asketizm), monaxlikni qoralaydi, maʼnaviy ustoz — guruga soʻzsiz tobelikni targʻib qiladi. XVIII asr boshida zamindorlarga qarshi harakatning mafkurasi boʻlgan, biroq XVIII asr 2-yarmiga kelib sof diniy oqimga aylandi. Hozirgi vaqtda sikhlar oʻrtasidagi ijtimoiy ziddiyatlarning kuchayishi bois ularning ichida turli oqimlar va siyosiy partiyalar vujudga kelgan. Sikhizmning diniy markazi Amritsar shahri hisoblanadi.
Adabiyotlar Gʻiyosov T. Gʻ., Hindistonning yangi tarixi. T., 1999; Semyonova N.I., Istoriya sikxskogo dvijeniya v Indii, M., 1963. Manbalar
Turkum:Dinlar