Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi (norasmiy ravishda Antimonopoliya qoʻmitasi) — 2019—2023-yillarda Oʻzbekistonda tovar va moliya bozorlarida raqobat muhitini taʼminlash, monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solish hamda isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirgan vakolatli davlat organi.

Qoʻmita 2019-yil yanvarda tugatilgan Davlat raqobat qoʻmitasi negizida tashkil etilgan. U oʻz vakolatlarini boshqa davlat organlari va tashkilotlaridan mustaqil ravishda amalga oshirgan, faoliyatida Bosh vazirga, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan alohida masalalar boʻyicha esa bevosita Prezidentga boʻysungan va hisobdor boʻlgan.

2022-yil dekabr — 2023-yil yanvar oylaridagi maʼmuriy islohotlar doirasida qoʻmita, uning huzuridagi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi bilan birga qayta tashkil etilib, ularning negizida Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi (qisqacha — Raqobat qoʻmitasi) tuzildi.

Tarixi

Tashkil etilishi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 14-yanvardagi "Davlat aktivlarini boshqarish, monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solish tizimini va kapital bozorini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi PF-5630-son Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi (qisqacha — Davlat raqobat qoʻmitasi) tugatildi. Uning negizida uchta yangi organ — Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Kapital bozorini rivojlantirish agentligi hamda Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi tashkil etildi.

Prezidentning 2019-yil 24-yanvardagi PQ-4126-son "Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida"gi qarori bilan qoʻmitaning maqomi, vazifalari va tuzilmasi belgilandi. Unga koʻra, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi Davlat raqobat qoʻmitasining monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solish, raqobat muhitini rivojlantirish, tabiiy monopoliyalar subyektlari faoliyatini nazorat qilish va tovar-xom ashyo birjalarini litsenziyalash borasidagi barcha huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblandi. Shu qaror bilan byudjetdan tashqari Raqobatni rivojlantirishga koʻmaklashish jamgʻarmasi ham tashkil etildi.

Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 15-maydagi 402-son qarori bilan qoʻmita toʻgʻrisidagi nizom, uning hayʼati va boshqa maslahat organlari, hududiy boshqarmalari faoliyati tartibi, samaradorlikni baholash mezonlari hamda hisobot berish tartibi tasdiqlandi.

Faoliyati Qoʻmita zimmasiga 2019—2023-yillarda tovar va moliya bozorlarida raqobatni rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish, qonun hujjatlarining raqobatga taʼsirini baholash metodikasini yaratish hamda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) metodikasi asosida faoliyat samaradorligining eng muhim koʻrsatkichlarini (KPI) joriy etish vazifalari yuklatildi.

2019-yil 11-sentabrda Prezidentning PF-5817-son Farmoniga muvofiq qoʻmita huzurida Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tashkil etildi. Shu tariqa isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish va reklama bozorini tartibga solish yoʻnalishi ham qoʻmita tizimiga kirdi.

Qoʻmita faoliyati davrida yirik xoʻjalik yurituvchi subyektlarga nisbatan monopoliyaga qarshi ishlar qoʻzgʻatdi. Ular orasida avtomobilsozlik korxonasi "UzAuto Motors"ga qarshi sud ishlari matbuotda keng yoritildi.

2021-yilning kuzida ommaviy axborot vositalarida qoʻmita markaziy apparatidan xodimlarning koʻplab ishdan boʻshashi haqida xabarlar eʼlon qilindi.

Tugatilishi va vorislik Maʼmuriy islohotlar doirasida Prezidentning 2022-yil 21-dekabrdagi "Maʼmuriy islohotlar doirasida raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi PF-269-son Farmoniga muvofiq Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi hamda uning huzuridagi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi negizida Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi tashkil etildi.

Prezidentning 2023-yil 25-yanvardagi PF-14-son Farmoni bilan respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari tizimi qayta koʻrib chiqilib, yangi qoʻmitaning maqomi mustahkamlandi.

Shu tariqa qoʻmita oʻz nomi ostida faoliyatini toʻxtatdi; uning vakolatlari, markaziy apparati va hududiy boshqarmalari huquqiy voris — Raqobat qoʻmitasi tarkibiga oʻtkazildi.

Asosiy vazifalari Vazirlar Mahkamasining 402-son qarori bilan tasdiqlangan nizomga koʻra, qoʻmitaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat boʻlgan:

tovar va moliya bozorlarida raqobat muhitini taʼminlash sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish; tovar va moliya bozorlarida raqobat muhiti holatini tizimli tahlil qilish, xoʻjalik yurituvchi subyektlarning ustun mavqeni suiisteʼmol qilishi, kartel kelishuvlari va til biriktirish hamda insofsiz raqobatni aniqlash va ularga chek qoʻyish; savdolar, iqtisodiy konsentratsiya va davlat koʻmagini monopoliyaga qarshi tartibga solish; bozor ishtirokchilariga yuqori likvidli, shu jumladan tabiiy monopoliya subyektlari tomonidan ishlab chiqariladigan tovarlardan (ishlar, xizmatlardan) foydalanishda teng shart-sharoitlarni taʼminlash.

Tuzilmasi Qoʻmita tuzilmasi Toshkent shahridagi markaziy apparat hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy boshqarmalardan iborat boʻlgan.

Qoʻmita raisiga markaziy apparat tuzilmasiga oʻzgartirishlar kiritish, hududiy boshqarmalar tuzilmasi va xodimlari sonini tasdiqlash, byudjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan qoʻshimcha shtat birliklarini joriy etish, shuningdek malakali mahalliy va xorijiy mutaxassislarni xodim va maslahatchi sifatida jalb qilish vakolatlari berilgan edi.

Qoʻmita huzurida byudjetdan tashqari Raqobatni rivojlantirishga koʻmaklashish jamgʻarmasi, 2019-yil sentabridan esa Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi faoliyat yuritgan.

Raislar Rais Faoliyat davri Najmiddinxoʻja Sharipov 2019-yil yanvar — 2021-yil mart Shohrux Shorahmedov 2021-yil mart — 2023-yil

Najmiddinxoʻja Sharipov 1983-yilda tugʻilgan, 2005-yilda Toshkent moliya institutini tamomlagan. 2013-yilgacha Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasida, 2016—2018-yillarda Vazirlar Mahkamasida ishlagan, 2018-yil maydan Davlat raqobat qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari boʻlgan. Prezidentning 2019-yil 24-yanvardagi qaroriga muvofiq qoʻmita raisi etib tayinlangan, 2021-yil martda Toshkent viloyati hokimining oʻrinbosari lavozimiga oʻtkazilgan.

Shohrux Shorahmedov mehnat faoliyatini Davlat mulki qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi yetakchi mutaxassisi lavozimidan boshlagan. Turli yillarda Iqtisodiyot vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va Prezident Administratsiyasida masʼul lavozimlarda ishlagan, shuningdek moliya vaziri oʻrinbosari va sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari boʻlgan. 2021-yil martda qoʻmita raisi etib tayinlangan.

Yana qarang Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi

Manbalar

Turkum:Oʻzbekiston tashkilotlari Turkum:2019-yilda tashkil etilgan tashkilotlar