Otaxonov Foziljon Xaydarovich (1959-yil 18-aprelda Fargʻona viloyatining Oʻzbekiston tumani markazi Yaypan shahrida tugʻilgan) – oʻzbek huquqshunos olimi, „yuridik xizmat“ fani asoschisi, yuridik fanlar doktori, professor, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti direktori.

Biografiya Oʻqish davri 1976-yilda Oʻzbekiston tumanidagi Karl Marks nomli 1-sonli oʻrta maktabni oltin medal bilan tamomlagan. 1976–1981-yillar – Toshkent davlat universitetining yuridik fakultetida tahsil olgan va oliy ta’lim muassasasini imtiyozli diplom bilan tugatgan. 1984–1987-yillar – Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Ibrohim Moʻminov nomidagi Falsafa va huquq instituti sirtqi boʻlim aspiranti.

Mehnat faoliyati 1974–yilda Oʻzbekiston tumanidagi „Gʻaniobod“ jamoa xoʻjaligida ishchi sifatida boshlagan va 1974–1976-yillar davomida (oliygohga kirgunga qadar) ushbu lavozimda ishlagan. 1981–1988-yillar – Oʻzbekiston Respublikasi Tayyorlash vazirligi Yuridik boʻlimining katta arbitri; 1988–1996-yillar – Oʻzbekiston Respublikasi Don mahsulotlari vazirligi Yuridik boʻlimining boshligʻi – bosh arbitri, „Oʻzdonmahsulot“ davlat konserni qoshidagi „Qalqon“ yuridik firmasi direktori, „Oʻzdonmahsulot“ davlat-aksiyadorlik korporatsiyasi raisining huquqiy masalalar boʻyicha yordamchisi; 1996–1997-yillar – Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudining sudyasi; 1997–2004-yillar – Toshkent shahar xoʻjalik sudining raisi; 2004–2005-yillar – Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisining oʻrinbosari; 2005–2006-yillar – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining oʻrinbosari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti direktori, “Fuqarolik jamiyati” jurnali bosh muharriri; 2006–2007-yillar – Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vaziri; 2007–2011-yillar – Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Falsafa va huquq instituti yetakchi ilmiy xodimi, grant rahbari; 2010–2018-yillar – Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi huzuridagi Hakamlik sudi raisining oʻrinbosari; 2011–2012-yillar – „Kapitalbank“ OATB yuridik departamenti direktori – bank boshqaruvi aʼzosi; 2011–2022-yillar – Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi huzuridagi Xalqaro tijorat arbitraj (hakamlik) sudining raisi (oʻrindoshlik asosida); 2018–2019-yillar – „Kapitalbank“ ATB Kengashi raisining maslahatchisi; 2018–2021-yillar – Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi huzuridagi Hakamlik sudining raisi (oʻrindoshlik asosida); 2020-yil 30-iyuldan hozirga qadar – Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti direktori lavozimida faoliyat yuritmoqda.

Ilmiy-pedagogik faoliyati Foziljon Otaxonov mehnat faoliyatini, shu jumladan ilmiy va pedagogik faoliyat bilan uygʻun holda olib borgan. Jumladan: 1982–1995-yillar – Oʻzbekiston Respublikasi Tayyorlash vazirligi („Oʻzdonmahsulot“) Toshkent texnologiya texnikumi va Don mahsulotlari tizimi rahbarlari malakasini oshirish kursida oʻqituvchi; 1992–2002-yillar – Toshkent davlat yuridik institutida oʻqituvchi, dotsent, 2002–2007-yillar – „Xoʻjalik va mehnat huquqi“ kafedrasi mudiri; 1996–2004-yillar – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat boshqaruvi akademiyasida oʻqituvchi; 2014–2018-yillar – M. V. Lomonosov nomli Moskva davlat universitetining Toshkent filialida kafedra dotsenti; 2014–2021-yillar – Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlari xodimlarining malakasini oshirish oʻquv kursi oʻqituvchisi; 2019–2021-yillar – Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi va Toshkent davlat yuridik universiteti professori v.b. 2017-yildan hozirga qadar Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida korporativ boshqaruvning huquqiy asoslari mavzusida maʼruzalar oʻqib, magistrlik dissertatsiyalariga ilmiy rahbarlik qilib keladi. 2019-yildan hozirga qadar Toshkent davlat yuridik universiteti huzuridagi Yuridik kadrlarni xalqaro standartlar boʻyicha professional oʻqitish markazida mediatsiya va yuridik xizmat modullari boʻyicha dars berib kelmoqda.

Jamoatchilik faoliyati 1996–2002-yillar – Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti huzuridagi Yarashtirish va arbitraj sudi arbitri; 1997–2002-yillar – Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Sud-huquq tizimini isloh qilishga oid takliflar tayyorlash boʻyicha doimiy faoliyat yurituvchi komissiya aʼzosi; 1997–2004-yillar – Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Malaka hay’ati raisining oʻrinbosari, 1996–2017-yillar – Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi huzuridagi Ilmiy-maslahat kengashi aʼzosi; 1998–2004-yillar – „Oʻzbekiston–Yaponiya“ doʻstlik jamiyati aʼzosi; 1998–2008-yillar – „Korxonalar bankrotligi va sanatsiyasi masalalari“ gazetasi, 2002–2004-yillar – „Huquq-Pravo-Law“ hamda 2002–2007-yillar – „Xoʻjalik va huquq“ jurnallari tahrir hay’atlari aʼzosi; 2004–2007-yillar – Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi huzuridagi Ilmiy-maslahat kengashi aʼzosi; 2005–2007-yillar – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi, sud-huquq tizimining qonunchilik asoslarini isloh qilish boʻyicha kengash aʼzosi; 2005–2007-yillar – „Falsafa va huquq“ jurnali tahrir hay’ati aʼzosi, 2006–2007-yillar – „Huquq va burch“ jurnali tahrir kengashi aʼzosi, 2006–2007-yillar – „Fuqarolik jamiyati“ jurnali tahrir hay’ati aʼzosi, bosh muharriri, 2010–2013-yillar „Arbitraj va huquq“ gazetasi tahrir hay’ati aʼzosi; 2012–2018-yillar – „Kapitalbank“ aksiyadorlik tijorat banki Kengashi raisi; 2013–2019-yillar – „Kapitalsugʻurta“ aksiyadorlik jamiyati Kuzatuv kengashi raisi; 2017–2019-yillar – Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi Apellyatsiya kengashi aʼzosi; 2017–2020-yillar – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengash aʼzosi; 2017-yildan hozirga qadar – „Demokratiya va inson huquqlari instituti“ nodavlat notijorat tashkilotining tadbirkorlar huquqlari boʻyicha ekspertlar guruhi rahbari, boshqaruv aʼzosi, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi huzuridagi Ilmiy-maslahat kengashi aʼzosi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Ilmiy-maslahat kengashi aʼzosi; 2018-yildan hozirga qadar – Qirgʻiziston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi huzuridagi Xalqaro hakamlik sudi arbitri; 2019-yildan hozirga qadar – Moldova Respublikasi Savdo-sanoat palatasi huzuridagi Xalqaro tijorat arbitraj sudi arbitri; 2019–2020-yillar Toshkent davlat yuridik universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengash qoshidagi Ilmiy seminar aʼzosi; 2019–2021-yillar – Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik instituti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengash aʼzosi; 2020-yildan hozirga qadar – Toshkent davlat yuridik universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengash aʼzosi, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengash aʼzosi, Ilmiy kengash huzuridagi Ilmiy seminar aʼzosi; 2021-yildan hozirga qadar – Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashi raisi, „Qonunchilik muammolari axborotnomasi“ davriy nashri bosh muharriri.

Ilmiy, oʻquv, oʻquv-uslubiy, ilmiy-ommabop va publitsistik ishlari Yuridik fanlar nomzodi ilmiy darajasini olish uchun yozilgan 2 ta dissertatsiyaga ilmiy rahbarlik, 4 ta yuridik fanlar boʻyicha falsafa doktori (PhD) va 2 ta yuridik fanlar doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiyalarga rasmiy opponentlik qilgan. Olimning 562 ta ilmiy, oʻquv, amaliy, uslubiy ishlari, ommabop maqolalari, shu jumladan 100 ta kitobi (monografiya, darslik, risola, oʻquv qoʻllanma, amaliy qoʻllanma, uslubiy dasturlar) chop etilgan. Turli jurnal, gazeta va internet nashrlarda 369 ta, xalqaro va respublika konferensiyalari materiallari toʻplamlarida 93 ta maqolasi oʻzbek, ingliz, rus, koreys, yapon, tojik, qoraqalpoq tillarida eʼlon qilingan. U tomonidan 22 ta yuridik adabiyot (kitoblar, toʻplamlar)ga mas’ul muharrirlik qilingan, 19 ta yuridik adabiyotlarga taqriz berilgan. Asosiy ilmiy, oʻquv ishlari 1. Problemy yuridicheskoy slujby organov upravleniya Respubliki Uzbekistan. Monografiya. – Toshkent, „Adolat“, 1993-yil, – 174 b.). 2. Xalq xoʻjaligida yuridik xizmat: talabnoma-daʼvo ishlarini yuritish. – Toshkent, "Adolatʼ, 1997-yil, 200 b. (oʻzbek va rus tillarida) 3. Kontraktatsiya shartnomalari: talabnoma va daʼvo arizalari. – Toshkent, „Adolat“, 1998, – 224 b. (M.Abdusalomov bilan hammualliflikda). 4. Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik prosessual kodeksiga sharhlar // mualliflar jamoasi. – Toshkent, „Iqtisodiyot va huquq dunyosi“ nashriyot uyi, 002. – 416 b. (oʻzbek va rus tillarida) 5. Xozyaystvennoye protsessualnoye pravo. Uchebnoye posobiye. – Toshkent, TDYI, 2003.– 264 b. 6. Xoʻjalik (tadbirkorlik) huquqi. Darslik. – Toshkent, TDYI, 2003.– 435 b. (hammualliflikda) / Mas’ul muharrir Otaxonov F. X. 7. Uchastiye advokata v xozyaystvennom protsesse. Uchebnoye posobiye. – Toshkent, TGYI, 2005. – 197 s. 8. Sudebno-pravovaya reforma. – Toshkent, „Oʻzbekiston“, 2006. – 16 b. 9. Oʻzbekiston Respublikasida yuridik xizmat. Darslik. – Toshkent, TDYI, 2006. – 279 b. 10. Oʻzbekiston Respublikasida yuridik xizmat. Yuridik kollejlar uchun darslik. – T.: „ILM ZIYO“ nashriyot uyi, 2006. – 160 b. 11. Oʻzbekiston Respublikasida yuridik xizmat – nazariy va amaliy muammolar. Monografiya. – Toshkent, „Adolat“, 2007. – 279 b. 12. Advokatskaya deyatelnost v Respublike Uzbekistan. Uchebnik dlya studentov bakalavriata: V 2-x t. T. 2. – T.: „Konsauditinform-Nashr“, 2007. – Advokat i xozyaystvennoye sudoproizvodstvo // S. 72-137 (§ 1-9 gl. VIII). 13. Oʻzbekiston Respublikasida advokatlik faoliyati. Darslik.: 2 jildlik. J. 2. – T.: „Konsauditinform-Nashr“, 2007. – 472 b. – 72-157 (YIII bob, 1-9-§.) Advokat va xoʻjalik sudida sud ishlarini yuritish // A. A. Aripjanov bilan hamkorlikda. 14. Oʻzbekiston Respublikasida yuridik xizmat. Oliy yuridik oʻquv yurtlarining talabalari uchun darslik – 2-qayta ishlangan va toʻldirilgan nashr. – T.: „Oʻzbekiston faylasuflari milliy jamiyati nashriyoti“, 2007.– 192 b. 15. Xoʻjalik (tadbirkorlik) huquqi. Darslik. – T.: TDYI, 2007. – 466 b. (Ibratov B. I., Nasriyev I. I., Burhanxoʻjayeva X. V. ba boshq.: Mas’ul muharrir: Otaxonov F. X.) 16. Oʻzbekiston Respublikasining „Bankrotlik toʻgʻrisida“gi Qonuniga sharhlar // III bob. Bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlarni xoʻjalik sudida koʻrish. – B. 122-193), Mualliflar jamoasi: M.Azimov va boshq. – T.: „Sharq“, 2007. – 640 b. (oʻzbek va rus tillarida) 17. Kommentariy k Zakonu Respubliki Uzbekistan „O bankrotstve“ (glava III. Rassmotreniye del o bankrotstve v xozyaystvennom sude – S. 119-188. // avt.kollektiv: M.Azimov i dr. – T.: „Yangi asr avlodi“, 2007. – 608 s. (na angliyskom i yaponskom yazykax) 18. Yuridicheskaya slujba v Respublike Uzbekistan. Uchebnik. – T.: „Adolat“, 2008. – 308 s. 19. Oʻzbekiston Respublikasida yuridik xizmat. Darslik. – T.: TDYI, 2008. 407 b. (Yuldasheva G. bilan hammualliflikda) /qoraqalpoq tilida/. 20. Konstitutsionno-pravovaya otvetstvennost. – T.: Izd-vo Instituta filosofii i prava, 2008. – 40 s. (soavtor Fayziyev M. M.) 21. Tadbirkorlik subyektlarini himoya qilish tizimini mustahkamlash muammolari. Monografiya. – T.: TDYI nashriyoti, 2010. (O.Oqyulov bilan hammualliflikda) 22. Oʻzbekiston Respublikasida yuridik xizmat. Darslik. Qayta ishlangan va toʻldirilgan toʻrtinchi nashri. – T.: TDYI, 2010. – 312 b. 23. Oʻzbekistonda lokal norma ijodkorligi. Monografiya. – T.: Falsafa va huquq instituti noshirlik boʻlimi, 2011. – 136 b. (D.Maqsudov bilan hammualliflikda).