Birikkan egizaklar (baʼzida xalq orasida Siam egizaklari deb ham ataladi) — bachadonda qoʻshilgan egizaklar. Juda kam uchraydigan mazkur hodisa 49 000 tadan 189 000 ta tugʻilish holatida atigi 1 ta kuzatiladi. Janubi-gʻarbiy Osiyo va Afrikada koʻrsatkichlar birmuncha yuqoriroq. Siam egizaklarining yarmi oʻlik tugʻiladi va yana uchdan bir qismi 24 soat ichida vafot etadi. Tirik tugʻilgan bunday egizaklarning katta qismi ayol jinsli boʻlib, ularning nisbati 3:1 ni tashkil qiladi.

Birlashgan egizaklarning kelib chiqishini tushuntirish uchun ikkita nazariya mavjud. Jamoatchilik tomonidan nisbatan kengroq qabul qilingan nazariya boʻlinish nazariyasi boʻlib, unda urugʻlangan tuxum qisman boʻlinadi. Endilikda Siam egizaklarining kelib chiqishi sababi deya hisoblanmotgan boshqa nazariya sintez nazariyasi bo‘lib, unda urug‘langan tuxum butunlay ajraladi, ammo ildiz hujayralari (o‘xshash hujayralarni qidiradi) boshqa egizakda o‘xshash ildiz hujayralarini topadi va ularni birlashtiradi. Birlashgan egizaklar bitta umumiy xorion, platsenta va amniotik qopga ega boʻlishadi. Shuningdek, bu xususiyatlar faqatgina birlashgan egizaklarga xos emas, chunki baʼzi monozigotik, ammo qoʻshilmagan egizaklar ham bachadonda ham bu tuzilmalarni baham koʻradilar.

Chang va Eng Bunker (1811-1874) Siamda (hozirgi Tailand) tugʻilgan aka-uka birlashgan egizaklar edilar. Ular koʻp yillar davomida bir qancha sayohatlarni amalga oshirdilar va „Siam egizaklari“ degan nom oldilar. Chang va Englarning anomaliyasi qorin qismidan birlashib ketgan mushak, pay va umumiy jigarni oʻz ichiga olardi. Zamonaviy davrda ularni osongina ajratish mumkin edi. Mazkur aka-ukalarning shon-shuhratlari va kamdan-kam uchraydigan holati tufayli „Siam egizaklari“ atamasi birikkan egizaklar atamasining sinonimi kabi boʻlib qoldi.

Sabablari Birlashgan egizaklarning nima sababdan bunday tarzda rivojlanishini asoslashga harakat qiladigan ikkita nazariya mavjud. Birinchi nazariyaga koʻra bitta urugʻlantirilgan tuxum bir xil egizaklarni shakllantirish jarayonida toʻliq boʻlinmaydi. Agar zigota boʻlinishi embrion diskning rivojlanishidan ikki hafta oʻtgach sodir boʻlsa, bu birlashgan egizaklarning shakllanishiga olib keladi. Ikkinchi nazariyaga koʻra ikkita urugʻlangan tuxumning qoʻshilishi rivojlanish davrida sodir boʻladi.

Primitiv tugun va primitiv chiziqning qisman boʻlinishi birlashgan egizaklarning shakllanishiga olib kelishi mumkin. Bu egizaklar birlashishning tabiati va darajasiga koʻra tasniflanadi. Baʼzida monozigot egizaklar faqat umumiy teri koʻprigi yoki umumiy jigar koʻprigi bilan bogʻlanadi. Dunyoga kelgan egizaklarning turi tugun va chiziqning anomaliyalari qachon va qay darajada sodir boʻlganiga bogʻliq. Goosekoid goosekoid gomeobox oqsili (GSC) kabi genlarning notoʻgʻri ifodalanishi ham egizaklarning birlashishiga olib kelishi mumkin. GSC BMP4 ingibitorlarini faollashtiradi va bosh miyaning rivojlanishini tartibga solishda yordam beradi. Laboratoriya hayvonlarida bu genning haddan tashqari yoki kam ifodalanishi boshning ogʻir malformatsiyasiga, shu jumladan, birlashgan egizaklarning ayrim turlariga oʻxshash dublikatsiyalarga olib keladi.

Turlari Birlashgan egizaklar, odatda, ularning tanalari birlashgan nuqtaga qarab tasniflanadi. Bunday egizaklarning eng keng tarqalgan turlari quyidagilar:

Torako-omfalopagusda (28 % hollarda) ikki tana yuqori koʻkrakdan pastki koʻkrakka qadar birlashadi. Bu egizaklarda odatda yurak bitta boʻladi, baʼzan jigar yoki ovqat hazm qilish tizimining bir qismini ham umumiy boʻlishi mumkin; Torakopagus (18,5 % hollarda) — koʻkrakning yuqori qismidan pastki qoringacha birlashgan ikkita tana. Bunday hollarda yurak doimo qoʻshilgan boʻladi. 2015-yil holatiga koʻra, umumiy yurakning ajralishi ikki egizakning omon qolishini taʼminlamaydi; birlashgan egizaklarda odatda, agar yurak ajratilsa, bir egizakni qurbon qilib, boshqa egizak omon qolishi mumkin; Omphalopagus (10 % hollarda) — qorinning pastki qismida birlashgan ikkita tana. Torakopagdan farqli oʻlaroq, yurak bu holatda hech qachon ishtirok etmaydi; biroq egizaklar koʻpincha umumiy jigar, ovqat hazm qilish tizimi, diafragma va boshqa organlarga ega boʻladilar; Parazit egizaklar (10 % hollarda) — asimmetrik tarzda birikkan egizaklar. Bunda bitta egizak kichik, kamroq shakllangan va boshqa egizak (omon qolish imkoniyatiga ega) yirikroq va yaxshi rivojlangan boʻladi; Kraniopagus (6 % hollarda) — birlashgan bosh suyagi va alohida tanalar. Bu egizaklar boshning orqa, old yoki yon tomonidan birlashishi mumkin, yuz yoki bosh suyagi tagidan birlashish kuzatilmaydi.

Birlashgan egizaklarning boshqa kamroq tarqalgan turlariga quyidagilar kiradi:

Cephalopagus — yagona birlashgan boshning qarama-qarshi tomonlarida ikkita yuz; tananing yuqori qismi birlashgan, pastki qismlari esa alohida. Bu egizaklar odatda miyaning jiddiy nuqsonlari tufayli omon qololmaydilar. Ular janiceps sifatida ham tanilganlar (ikki yuzli Rim xudosi Yanus nomidan); Syncephalus — bitta yuzli bir bosh, toʻrtta quloq va ikkita tana; Cephalothoracopagus — bosh va koʻkrak qafasida birlashgan tanalar. Bu turdagi egizaklarda qarama-qarshi tomonga qaragan ikkita yuz yoki baʼzan bitta yuz va kattalashgan bosh suyagi kuzatiladi; Xiphopagusda ikki tana xiphisternumga birlashgan, bu taxminan kindikdan pastki ko'krak qafasi suyagigacha qoʻshilish koʻrinishida boʻladi. Bu egizaklar jigardan tashqari, deyarli hech qanday muhim organlarga ega boʻlmaydilar. Mashhur misol — Chang va Eng Bunker; Ischiopagus — ikki tananing pastki yarmi birlashgan, umurtqa pogʻonasi 180° burchak ostida uchidan uchiga qoʻshilgan. Bu egizaklarning toʻrtta qoʻli, bittadan toʻrttagacha oyogʻi boʻladi. Odatda jinsiy aʼzolar va anusning umumiyligi kuzatiladi; Omfalo-Ischiopagus — ischiopagus egizaklariga oʻxshash tarzda birlashgan, ammo omfalopagusga oʻxshash qoʻshilgan qorin bilan bir-biriga qaragan egizaklar. Bu egizaklarning toʻrtta qoʻli va bittadan toʻrttagacha oyogʻi boʻladi; Parapagus — umumiy tos suyagi bilan yonma-yon birlashgan. Ditorasik parapagus kuzatilgan egizaklar koʻkrak qafasida emas, balki qorin va tosda birlashadilar. Diprozopik parapagus kuzatilgan egizaklarning esa bir tanasi va ikkita yuzi boʻladi. Disefalik parapagus kuzatilgan egizaklar umumiy tana, ikkita bosh va ikkita (dibrachius), uchta (tribrachius) yoki toʻrtta (tetrabrachius) qoʻlga ega boʻladilar; Kraniopagus parasitikus kraniopagus kabi, biroq dominant boshga ikkinchi tanasiz bosh birikkan boʻladi; Pigopagus yoki Iliopagus — tos suyagida birlashtirilgan ikkita tana; Rachipagusda egizaklar tanasining orqa tomonida umurtqa yoylari va boshdan dumbagacha boʻlgan yumshoq toʻqimalarning birlashishi kuzatiladi.

Boshqaruv

Birikkan egizaklarni ajratish Birikkan egizaklarni ajratish boʻyicha jarrohlik amaliyoti birikish nuqtasiga va umumiy ichki organlar holatiga qarab juda osondan juda qiyin darajagacha boʻlishi mumkin. Koʻpgina ajratilish jarayonlari hayot uchun juda xavflidir. Koʻpgina hollarda operatsiya egizaklardan biri yoki ikkalasining oʻlimiga olib keladi, ayniqsa ular bosh orqali birlashtirilgan yoki umumiy muhim organga ega boʻlsalar. Bu esa jarrohlik yoʻli bilan ajratilish etikasini, yaʼni egizaklar ajratilmagan taqdirda ham omon qolishi mumkin boʻlgan etikani bahsli holatga aylantiradi. Shimoli-gʻarbiy universiteti xodimi Alice Dreger Siam egizaklarining hayot sifati odatda taxmin qilinganidan yuqori boʻlishini aniqladi. Lori va George Schappell, Abby va Brittany Hensellar diqqatga sazovor misollardir.

Birlashgan egizaklarni ajratish boʻyicha birinchi muvaffaqiyatli amaliyot 900-yillarda Vizantiya imperiyasida sodir boʻlgan. Egizaklardan biri allaqachon vafot etgan edi, shuning uchun shahar shifokorlari oʻlgan egizakni tirik qolgan egizakdan ajratishga harakat qiladilar. Natija qisman muvaffaqiyatli boʻlgan, chunki ajratilgan egizak amaliyotdan keyin uch kun yashagan. Navbatdagi birikkan egizaklarni ajratish amaliyoti oradan bir necha asr oʻtib, 1689-yilda Germaniyada qayd etilgan. Qoʻshilgan egizaklarning birinchi muvaffaqiyatli ajratilishi 1689-yilda Johannes Fatio tomonidan amalga oshirilgan. 1955-yilda neyroxirurg Harold Voris (1902-1980) va uning Chikagodagi Mersi kasalxonasidagi jamoasi kraniopagus egizaklarini (boshida birikkan) ajratish boʻyicha birinchi muvaffaqiyatli operatsiyani oʻtkazdilar, buning natijasida ajratilgan egizaklarning har ikkisi ham uzoq muddat omon qolishdi. 1963-yilda kattaroq egizak qizning normal rivojlanayotgani haqida xabar berilgan, ammo kichikrogʻi umrbod nogiron boʻlib qolgan.

1957-yilda Bertram Katz va uning jarrohlik guruhi xalqaro tibbiyot tarixida muhim hodisaga qoʻl urdilar va dunyodagi birinchi muhim umumiy organga ega boʻlgan Siam egizaklarni muvaffaqiyatli ajradilar. Omphalopagus egizaklari Jon Nelson va James Edward Freeman (Johnny va Jimmy) 1956-yil 27-aprelda Ogayo shtatining Youngstaun shahrida tugʻilgan. Bu oʻgʻil bolalarning jigari umumiy, ammo yuraklari alohida edi. Ular Bertram Katz tomonidan Youngstaun shahridagi North Side kasalxonasida muvaffaqiyatli ajratildilar. Operatsiya Ogayo shtatidagi nogiron bolalarga xizmat ko‘rsatish jamiyati tomonidan moliyalashtirilgan.

Yaqin yillardagi Siam egizaklarining muvaffaqiyatli ajratilishi amaliyoti 2000-yilda Katmanduda (Nepal) tugʻilgan Ganga va Jamuna Shreshtalarning 2001-yilda ajratilishi bilan bogʻliq. Singapurda oʻtkazilgankraniopagus egizaklarining 97 soatlik operatsiyasi muhim voqea boʻldi; jamoani neyroxirurglar Chumpon Chan va Keith Gohlar boshqargan. Jarrohlik natijasida Ganganing miyasi shikastlangan va Jamuna yura olmay qolgan. Oradan yetti yil oʻtib 2009-yil iyul oyida Ganga Shreshta Katmandudagi Model kasalxonasida sakkiz yoshida ogʻir koʻkrak infeksiyasini davolash uchun qabul qilinganidan uch kun oʻtib vafot etdi.

Maltalik birlashgan egizak chaqaloqlar Rose va Grace Attard ota-onalari Michaelangelo va Rina Attardlarning diniy eʼtirozlari tufayli Buyuk Britaniyada sud qarori bilan ajratildilar. Egizaklar pastki qorin va umurtqa pogʻonasida birlashib ketgan edilar. Operatsiya 2000-yil noyabr oyida Manchesterdagi Sent-Meri kasalxonasida boʻlib oʻtdi. Mazkur operatsiya munozarali edi, chunki kuchsizroq egizak Rose (uning yuragi va oʻpkasi Gracenikiga bogʻliq edi) operatsiya natijasida vafot etadi. Biroq, agar operatsiya oʻtkazilmaganida, ikkala egizak ham halok boʻlishi muqarrar edi. Grace oddiy bolalikdan zavqlanish uchun tirik qoladi.

2003-yilda jarrohlarning operatsiya bitta yoki ikkala egizakning ham oʻlimiga olib kelishi mumkinligi haqidagi ogohlantirishlariga qaramay boshidan birlashib ketgan, ammo miyalari alohida (kraniopagus) boʻlgan eronlik 29 yoshli ikki ayol Ladan va Laleh Bijanilar jarrohlik yoʻli bilan ajratildilar. Ularning murakkab ishi texnologik jihatdan ilgʻor grafik tasvirlar va modellashtirish tibbiy guruhga xavfli operatsiyani rejalashtirish imkonini berganligi sababli qabul qilindi. Ammo operatsiya davomida skanerda koʻrinmagan, aniqlanmagan katta tomir aniqlandi. Ajratilish tugallandi, ammo ikkala ayol ham operatsiya paytida vafot etdi.