Homiladorlikdagi jigar ichi xolestazi (shuningdek, akusherlik xolestazi, homiladorlik xolestazi, homiladorlik sariqligi deb ham ataladi) – homiladorlik davrida xolestaz yuzaga kelishi bilan kechadigan tibbiy holat. Odatda qichishish bilan kechadi va ona va chaqaloq uchun turli asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin.

Qichishish homiladorlikning keng tarqalgan alomati boʻlib, ayollarning taxminan 23 foizida uchraydi. Koʻpincha qichishish terining oʻzgarishi, ayniqsa qorin boʻshligʻining oʻzgarishi natijasida yuzaga keladigan kichik bezovtalik holatidir. Biroq, qichishish homiladorlik xolestazining alomati boʻlishi mumkin boʻlgan holatlar ham mavjud. Qichishish odatda qoʻl kaftlarida va oyoq tagida sezilsa ham, tananing har qanday joyida paydo boʻlishi mumkin.

Homiladorlik xolestazi odatda homiladorlikning uchinchi trimestrida sodir boʻladi, ammo homiladorlikning istalgan vaqtida boshlanishi ham mumkin.

Belgilari Ushbu kasallikka chalingan ayollarning aksariyati uchinchi trimestrda hech qanday toshmalarsiz qichishishdan shikoyat qiladi. Odatda, qichishish qoʻllarning kaftlari va oyoq tagida boʻladi, lekin tananing boshqa sohalarida ham boʻlishi mumkin.

Homiladorlik xolestazining oʻziga xos belgilariga quyidagilar kiradi:

Keng tarqalgan belgilari:

Qichishish, ayniqsa qoʻl kaftlari va oyoq tagida toshmasiz qichishish; Kechqurun koʻproq seziladigan qichishish; Siydik rangining toʻqroq boʻlishi;

Kam uchraydigan belgilari:

Najas rangi ochiqroq boʻlishi; Qon ivish vaqtining uzayishi; Charchoq; Koʻngil aynishning ortishi; Ishtahaning pasayishi; Sariqlik (ayollarning 10% dan kamrogʻida); Qorinning yuqori oʻng kvadrat sohasida ogʻriq.

Homiladorlik xolestazi bilan ogʻriganlarning hammasida ham yuqoridagi belgilar uchramasligi mumkin.

Mexanizmi Homiladorlik intragepatik xolestazining sabablari hali ham toʻliq aniqlanmagan, ammo genetik oʻzgarishlar, gormonlar va atrof-muhitning kombinatsiyasi tufayli yuzaga keladi deb taxmin qilinadi. Gormonlar, atrof-muhit va genetik omillar bu holatga hissa qoʻshishi mumkin.

Homiladorlik xolestazi odatda uchinchi trimestrda gormonlar darajasi eng yuqori boʻlgan vaqtda sodir boʻladi. Yuqori gormonlar darajasi bilan bogʻliq boʻlgan egizak va uchlik homiladorlikda homiladorlik xolestazining yuqori chastotasi kuzatiladi. Homiladorlik xolestazi tugʻruqdan keyin, platsenta gormoni ishlab chiqarish toʻxtatilganda tezda yoʻqoladi. Dastlabki sinflardagi yuqori dozali estrogeni boʻlgan ogʻiz kontraseptiv tabletkalari homiladorlik xolestaziga olib kelishi mumkin.

Estrogenlar Estrogenlar, xususan, estradiol-17β-D-glyukuronid kabi glyukuronidlar gepatotsitlar tomonidan oʻt kislotasi soʻrilishini kamaytirish orqali hayvonlarda oʻtkazilgan tadqiqotlarda xolestazni keltirib chiqarishi koʻrsatilgan.

Progesteron Homiladorlikning uchinchi trimestrida progesteron bilan davolash homiladorlik xolestazi rivojlanishi bilan bogʻliqligi aniqlangan va progesteron metabolitlari darajasi, xususan, sulfatlangan progesteron homiladorlik xolestazi bilan ogʻrigan bemorlarda bu bilan kasallanmagan ayollarga qaraganda yuqori, bu homiladorlik xolestazida progesteron estrogenga qaraganda muhimroq rol oʻynashi mumkinligini koʻrsatadi.

Genetik omillar Oilalarda homiladorlik xolestazi holatlarining klasterlanishi, keyingi homiladorliklarning 45-70% da bu holatning takrorlanishi kasallikning genetik komponentini koʻrsatadi. Homiladorlik xolestazi holatlarida fosfatidilxolinning safroga sekretsiyasini nazorat qiluvchi gepatotsellyulyar transport oqsili ABCB4 (MDR3) dagi genetik mutatsiyalar aniqlangan.

Jigar oʻt tuzlarini tashuvchi molekulalariga taʼsir qiluvchi genetik mutatsiyalar, shuningdek, progressiv oilaviy intragepatik xolestaz boʻlgan bemorlarda ham topilgan. Ushbu kasallik bilan ogʻrigan bemorlarning onalarida homiladorlik xolestazi bilan kasallanish koʻproq ekanligi aniqlandi, bu esa ushbu mutatsiyalarning geterozigota tashuvchilari ham bu kasallikka moyil ekanligini koʻrsatadi.

Safro tuzlarini tashuvchi transport molekulalarda genetik oʻzgarishlarga qoʻshimcha ravishda, yuqori darajadagi estrogen glyukuronidlari safro tuzi eksport pompasini (BSEP) ABCB11 ni ingibitsiya qilishi, va yuqori darajadagi progesteron ABCB4 (MDR3) fosfolipid tashuvchisi ishini susaytirishi aniqlangan.

Binobarin, gepatotsitlardagi safro sekretsiyasida ishtirok etuvchi oqsillarning irsiy mutatsiyalari ham homiladorlik davrida yuqori darajadagi gormon metabolitlari tomonidan ushbu oqsillar ishini susaytirishi orqali intragepatik xolestaz patogenezida rol oʻynashi mumkin.

Atrof-muhit omillari Homiladorlikdagi jigar ichi xolestazining bir qator xususiyatlari atrof-muhit omillari ham kasallikda rol oʻynashini koʻrsatadi:

Xabar qilinishicha, homiladorlik xolestazi bilan kasallanish yozga qaraganda qishda koʻproq boʻladi. Chilida bu kasallik bilan kasallanish 1975-yilgacha boʻlgan homiladorlikning 14 foizidan 2016-yilda 4 foizga kamaydi. Homiladorlik xolestazi keyingi homiladorlikda 60% dan 90% gacha takrorlanadi. Qon zardobidagi selenning past darajalari homiladorlik xolestazi bilan bogʻlangan, ammo selenning safro sekretsiyasidagi roli nomaʼlum.

Diagnostikasi Homiladorlik xolestazi qon analizlari orqali tashxislanadi. Koʻpgina homilador ayollar vaqti-vaqti bilan qichishishni boshdan kechirishsa-da, koʻrinadigan toshmalarsiz qichishish yoki doimiy yoki keng qamrovli qichishish belgilari haqida akusherga yoki ginekologga xabar berish kerak. Shuni taʼkidlash kerakki, qichishish darajasi oʻt kislotasi darajasiga bogʻliq emas. Homiladorlik xolestazidagi qichishish yengildan ogʻirgacha boʻlishi mumkin.

Homiladorlik xolestazi tashxisini qoʻyish uchun jigar funksiyasi va qon zardobidagi safro kislotasi miqdorini koʻrsatuvchi qonning biokimyoviy analizini talab qilish kerak. Baʼzi hollarda ALT darajasi koʻtarilishi mumkin boʻlsa-da, homiladorlik xolestazi boʻlgan ayollarning 20%i jigarning normal funksiyasini koʻrsatuvchi koʻrsatkichlarga ega boʻladi.Kaftlar va oyoqlarning qichishi yuqori safro kislotasi darajasi bilan kelganda homiladorlik xolestazining potensial diagnostikasi sifatida koʻrilishi mumkin.

Tashxis qoʻyishda homiladorlik davrida yuzaga keladigan jigar bilan bogʻliq boshqa muammolarni davolovchi shifokor koʻrib chiqishi kerak. Bularga preeklampsiya, HELLP sindromi va homiladorlikdagi oʻtkir yogʻli gepatoz kiradi. Bundan tashqari, gepatitning boshqa sabablari, masalan, gepatit viruslari, saraton va baʼzi dorilar taʼsirinini ham hisobga olish kerak.

Davolash Homiladorlik xolestazi uchun hech qanday aniq davo choralari mavjud emas va muvaffaqiyatli natijani kafolatlashning hech qanday usuli yoʻq boʻlsa-da, tadqiqotlar ursodeoksixol kislotasini qoʻllash homila va onaning holatini biroz yaxshilashi, xolestiramin esa faqat qichishishni yengillashtirishini koʻrsatgan. Kasallikni davolashda koʻpgina shifokorlar ursodeoksixol kislotani buyuradilar. Eng soʻnggi tadqiqotlar umumiy foydali taʼsir koʻrsatmadi, ammo baʼzi tadqiqotchilar safro kislotalari > 40 mkmol / litr boʻlgan ayollarga ursodeoksixolatni buyurish foydali boʻlishi mumkin deb hisoblashadi.

Ogʻiz orqali suvda eriydigan K vitamini berish tugʻruq paytida qon ketish xavfini oldini olishga yordam berishi haqida hech qanday isbotlangan dalillar yoʻq. Biroq, agar ayolda najas rangi oqargan boʻlsa, oʻta ogʻir homiladorlik xolestazi (safro kislotalari > 100 mkmol/litr) boʻlsa yoki qon ivishi bilan bogʻliq muammo boʻlsa, mutaxassislar homiladorlik xolestazi uchun K vitaminni buyurishadi.

Asoratlar Onada yuzaga keladigan asoratlarga quyidagilar kiradi:

Qichishish, kuchli va darmonsizlantiruvchi darajada boʻlishi mumkin; Safro kislotalari 40 mkmol/litr dan oshganda spontan erta tugʻilish (tabiiy abort) kuzatilishi mukin.

Homilada yuzaga keladigan asoratlarga quyidagilar kiradi:

Homila distressi; Mekoniyni yutish; Oʻlik tugʻilish.

Koʻpgina hollarda 34-haftadan dan 39-haftagacha boʻlgan muddatda bolani dunyoga keltirish tavsiya etiladiFisk NM, Storey GN: "Fetal outcome in obstetric cholestasis. Br J Obstet Gynaec 1988;95:1137- 1143..

Havolalar

E A Fagan „Homiladorlikdagi intragepatik xolestaz“

Manbalar

Turkum:Gepatologiya Turkum:Ginekologiya Turkum:Kasalliklar Turkum:Homiladorlik