Pomir-1 GES () – Tojikistonning Togʻli-Badaxshon muxtor viloyatida, Gʻunt daryosida joylashgan gidroelektr stansiya. Togʻli-Badaxshondagi eng yirik elektr stansiya. Stansiyaga „Pomir Energy“ OAJ kompaniyasi egalik qiladi.
Pomir-1 GES derivatsiya tipidagi gidroelektr stansiya hisoblanadi. Oʻrnatilgan quvvati – 28 MVt. Stansiya inshootlari tarkibiga Gʻunt daryosidagi asosiy suv olish uskunasi, kunlik tartibga solish imkonini beruvchi hovuz, uzunligi 3300 m va diametri 3 m boʻlgan derivatsiya tunneli, tenglashtiruvchi shaxta, gidroagregatlarga ayri shaklida tutashadigan uzunligi 300 m boʻlgan ikkita taʼminot tunneli, GES binosi, suv chiqarish kanali kiradi. GES binosida har birining quvvati 7 MVt boʻlgan 4ta vertikal gidroagregat oʻrnatilgan. Gidroagregatlar 79,6 m hisoblangan bosimda ishlaydigan aylanma-qanotli turbinalar bilan jihozlangan.
GES qurilishi 1984-yilda boshlangan, biroq Sovet Ittifoqi parchalanishi va iqtisodiy vaziyat tufayli qurilish kechikdi. Dastlabki ikkita gidroagregat 1994-yilda ishga tushirilgan, stansiya toʻliq quvvatda 2005-yilda foydalanishga topshirilgan. 2007-yil 5-fevralda Pomir-1 GESda avariya yuz berdi. Gidravlik zarba natijasida 2-gidroagregat gidroturbinasi qopqogʻi yirtilib, stansiya mashina zalini suv bosdi. GES faoliyatini qayta tiklash 2011-yilda toʻliq yakunlandi.
Manbalar
Turkum:Tojikiston gidroelektr stansiyalari Turkum:Pomir Energy Turkum:Togʻli-Badaxshon muxtor viloyati