Nurobod quyosh elektr stansiyasi (Nurobod Quyosh elektr stansiya, Nurobod QFS, Nurobod FES) – Samarqand viloyatining Nurobod tumanida joylashgan quyosh fotoelektr stansiyasi. Oʻzbekistondagi ikkinchi quyosh fotoelektr stansiyasi.

Oʻrnatilgan elektr quvvati – 100 MVt, oʻrtacha yillik elektr energiyasi ishlab chiqarishi – 260 mln kVt*soat. Elektr stansiya ishlashi natijasida 78 mln kub metr tabiiy gaz tejalib, atmosferaga 100 ming tonna bugʻlanuvchi gazlar chiqishining oldi olinadi.

Nurobod Quyosh elektr stansiya Fransiyaning Total Eren kompaniyasi tomonidan qurilgan va ushbu kompaniya tomonidan boshqariladi.

Texnik tavsifi

Elektr stansiyasi yiliga 80 mingdan ortiq xonadonning elektr energiyasiga boʻlgan talabini qondira oladi.

Loyiha qiymati

Loyiha qiymati 100 mln dollar. Ushbu xorijiy sarmoya Total Eren kompaniyasi tomonidan kiritilgan.

Nurobodda quyosh elektr stansiyasi qurilishida 400 kishi ishlagan, ekspluatatsiya jarayonida 25 ta ish oʻrni yaratilgan.

Tarixi 2018-yil 5-oktyabrda prezident Shavkat Mirziyoyevning Fransiya Respublikasiga tashrifi chogʻida Total Eren kompaniyasi bilan Samarqand viloyatida fotoelektrik stansiyani loyihalashtirish, moliyalashtirish, qurish va ishlatishga oid hamkorlik bitimi imzolangan edi.

2019-yil 16-aprel kuni „Tutly Solar“ MChJ 19,27 mlrd soʻm ustav kapital bilan roʻyxatdan oʻtkazildi. „Total Eren S. A.“ taʼsischiligidagi korxonaning yuridik manzili Toshkent shahar Mirzo Ulugʻbek tumani Mustaqillik shoh koʻchasi 75-uyda joylashgan.

2019-yil 13-sentyabrda „Tutly Solar“ MChJ Energetika vazirligi (Oʻzbekiston hukumati nomidan) bilan „Investitsiya bitimi“ hamda „Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari“ AJ bilan muddati 25 yil boʻlgan Elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisidagi bitim imzolangan.

2022-yil 24-may kuni Nurobod Quyosh elektr stansiyaning ilk generatsiya quvvati respublika yagona tizimiga ulandi.

Manbalar

Turkum:Oʻzbekiston quyosh fotoelektr stansiyalari Turkum:Quyosh fotoelektr stansiyalari Turkum:Samarqand viloyati bino va inshootlari Turkum:Nurobod tumani