Neyming termini aslida ingliz tilidagi „to name“ (nomlash, nom berish) soʻzidan olingan boʻlib, XIX asr oxirlarida marketologiya sohasiga kirib keldi va nom yaratish faoliyatiga nisbatan ishlatildi.

Oʻtgan asrdan boshlab dunyo iqtisodiyotida bozor raqobatining tobora kuchayib borishi tadbirkorlik faoliyati obyektlari, korxona, firma, isteʼmol tovarlariga nom berish, nomni dunyo brendi darajasiga koʻtarish masalasiga jiddiy yondashuvlarni taqozo qila boshladi. Mana shu ehtiyoj marketologiyada neyming xizmatining yuzaga kelishiga olib keldi va uni kasbiy faoliyat darajasiga koʻtardi. Faoliyat sohalariga koʻra hatto neymingning reklama neymingi, ilmiy, siyosiy, diniy; tashqi va ichki kabi turlari ham ajratiladi.

Ayrim olimlar neymingni gender, yosh, milliy xususiyatlar asosida ham tasniflash mumkinligini eʼtirof etishdi. Shuningdek, paraneyming, yaʼni rasmiy boʻlmagan, noxolis neyming, oʻzgalar yaratgan nomni oʻzgartirib berish holati (mas., xitoy ishbilarmonlari tomonidan oʻz mahsulotiga „ADIDAS“ nomini „ABIBAS“ tarzida oʻzgartirib berilishi) ham amal qilishini koʻrsatishdi. Anglashiladiki, neyming keng maʼnoda nomlash, nom berish jarayonini anglatsa-da, har bir sohaning nom yaratish, yaʼni oʻz neymingini ajratish mumkin. Ushbu monografiyada xususiy tijorat neymingi bilan bogʻliq masalalar — oʻzbek tilida tadbirkorlik faoliyati obyektlari, korxona, firma, isteʼmol tovarlariga berilgan nomlar (ergonimlar) oʻrganiladi va lingvistik jihatdan tahlil qilinadi.

Neyming termini oʻzbek tilida nomlash, nom berishga nisbatan ishlatilsa-da, maʼno doirasi, qoʻllanish obyektiga koʻra undan farq qiladi. Oʻzbek tilida nomlash, nom berish soʻzlari borliqdagi har qanday narsa-predmet, voqea-hodisa, belgi-harakat, miqdor kabilarga nisbatan ishlatiladi. Ammo neyming faqat tadbirkorlik faoliyati obyektlari, korxona, firma, isteʼmol tovarlari, ularning markasi (brendi)ni nomlash hodisasini qamrab oluvchi terminologik birlik boʻlib, tilshunoslikka ham aynan shu maʼnosida kirib keldi va bugungi kunda tadbirkorlik faoliyati obyektlari, korxona, firma, isteʼmol tovarlarini nomlashning lingvistik jihatlarini oʻrganuvchi yoʻnalish — neyming lingvistikasida ham faol ishlatilmoqda. Yaratilgan maqolalar neym, nom yaratyvchilar esa neymerlar deb atalmoqda.

Manbalarda neyming terminiga turlicha tavsif berilganligiga guvoh boʻlamiz. Neyming marketologiyaning tayanch terminologik birligi boʻlgani bois shu soha lugʻatlarida atroflicha tavsiflangan. Jumladan, A. P. Pankruxinaning „Marketing: bolshoy tolkoviy slovar“ nomli lugʻatida neyming terminiga quyidagicha izoh berilgan: „Neyming (ingl. to name — atash, nom berish) — nom hosil qilish boʻyicha kasbiy faoliyat boʻlib, buyurtmachi nuqtayi nazaridan oʻziga xos nomlanishga ehtiyoji boʻlgan barcha narsalarga nisbatan muvofiq nom tanlash (qidiruv, oʻylab topish)ni anglatadi“.

"Ensiklopediya marketingga " saytida neyming terminiga quyidagicha tavsif berilgan: "Neyming (ingl. „name“ — „nom“) — lingvistikaning fonosemantik va psixoanaliz vositalaridan foydalanish asosida kompaniya va savdo marka (brend)lari nomlarini yaratish jarayonidir".

„Finansoviy slovar“da neyming tashkilot, loyiha va internet-saytlar uchun jarangdor, esda qolarli va aniq nom yaratish bilan bogʻliq ishlar majmuyi sifatida tavsiflangan.

„Vikislovar“da ham neymingga kompaniya, mahsulot, loyihalar uchun jarangdor, esda qolarli va aniq nom yaratish, nomlash sifatida izoh berilgan.