Nabi Jaloliddin (1962-yil 2-may; Andijon viloyati, Izboskan tumani, Oʻzbekiston SSR) — yozuvchi, jurnalist, shoir, tarjimon, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi. Shuningdek, „Shuhrat“ medali sohibi (2020). Tarjimon oʻlaroq Albert Camusning „Kaligula“ pyesasi va Vasiliy Shukshinning „Men sizga erk olib keldim“ romanini oʻzbek tiliga oʻgirgan. Choʻlpon haqidagi „Tegirmon“ hamda Umar Xayyomga bagʻishlangan „Oraliq (Xayyom)“ romani oʻquvchilari orasida mashhur.

Biografiyasi Nabi Jaloliddin 1962-yil 2-may kuni Andijon viloyati Izboskan tumani Jonobod qishlogʻida tugʻilgan. Dastlabki taʼlimini tumandagi Toʻrtkoʻl qishlogʻida joylashgan maktab-internatida tahsil olgan. 1981—1983-yillarda Afgʻon urushida ishtirok etgan. Urushdan qaytgach, bir muddat Rossiyaning Tomsk shahrida oʻqib kelgan. Keyin esa hozirgi Oʻzbekiston milliy universiteti jurnalistika fakultetida tahsil olgan. Faoliyati Nabi Jaloliddin XX asrning 90-yillari, yaʼni Toshkentdagi oʻqishi vaqtida jurnalistika sohasidagi oʻz faoliyatini boshlagan. Yozuvchi oʻsha vaqtlarda ancha shov-shuvlarga sabab boʻlgan „Hurriyat“ gazetasi ochilishida ishtirok etgan. Keyinchalik Andijonga qaytib, „Xolis“, „Hissador“, „Andijonnoma“ kabi gazetalarda turli lavozimlarda faoliyat olib borgan. 2018-yilda Toshkentda „Bobur va dunyo“ jurnali bosh muharriri boʻlgan, Gʻafur Gʻulom nomidagi NMIUda muharrirlik qilgan.

Ijodi Shoir oʻlaroq „Yalpizli kecha“ nomli ilk sheʼriy toʻplamini yozgan (1993). Yozuvchi sifatida ilk qissasi „Oʻlimning rangi“ nashrdan chiqqach, yozuvchi Pirimqul Qodirov tomonidan eʼtirof etilgan (1998). Shundan soʻng birin-ketin „Hur nido“ (1996), „Sen bilan qolmayman“ (2002), „Oʻlimning rangi“ (1998), „Erkagi bor uy“ (2005), „Jallod ayol“ (2021), „Onasiz tushlar“ (2023) kabi sheʼriy hamda nasriy asarlari, „Oraliq (Xayyom)“ nomli tarixiy romani, Choʻlponga bagʻishlangan „Tegirmon“ romani nashr etilgan. 2021-yilda chop etilgan „Urushning davomi“ romanida oʻzi ishtirok etgan Afgʻon urushi xotiralari bilan bogʻliq voqealar tasviri aks ettirilgan.

Bundan tashqari, „Boʻrixon: XX asr sharpalari yoxud toj kiygan oʻgʻriboshilar“, „Biz yashamagan kunlar“ nomli romanlarini ham yozgan.

Keyingi yillarda yozuvchi kino ijodkorlari bilan ham hamkorlikda ish olib bormoqda: „Bolalar“, „Koʻprik“, Kinematografiya agentligi buyurtmasiga asosan yozilgan „Choʻlpon“ kinossenariylari shular jumlasidandir. Choʻlpon hayoti va ijodiga bagʻishlangan „Choʻlpon: qush esdaligi“ hujjatli filmi ssenariysi muallifidir.

Shuningdek, dramaturg sifatida ham salmoqli ijod qilgan. Xususan, „Fotihlar dalahovlida“ nomli jiddiy komediya va bolalar uchun „Suvaraklar qasosi“ deb nomlangan yangi fantastik quvnoq pyesani yozgan.

Tarjimalari Nabi Jaloliddin Albert Camusning „Kaligula“ pyesasi, polshalik yozuvchi Yan Parandovskiy qalamiga mansub “Petrarka" romanini va Vasiliy Shukshinning „Men sizga erk olib keldim“ romanini oʻzbek tiliga tarjima qilgan.

Bundan tashqari, Sergey Yesenin, Boris Pasternak, Ivan Bunin kabi rus shoirlarining bir qancha sheʼrlarini oʻzbek tiliga oʻgirgan.

Mukofotlari 2020-yil Nabi Jaloliddin „Shuhrat“ medali bilan taqdirlangan.

Manbalar

Turkum:Oʻzbekistonlik yozuvchilar Turkum:Oʻzbekistonlik shoirlar Turkum:Alifbo boʻyicha shoirlar Turkum:Kishilar Turkum:Oʻzbekiston yozuvchilari uyushmasi aʼzolari