Toshkent mozaikalari — Oʻzbekiston poytaxti Toshkent shahrida 1960—1980-yillar oraligʻida barpo etilgan monumental mozaika sanʼati namunalari. Mazkur mozaikalar madaniy meros obyekti sanaladi. Bu mozaikalar shaharning sovet modernizmi ruhida qayta qurilishi jarayonida, ayniqsa, 1966-yilgi Toshkent zilzilasidan keyin boshlangan keng qamrovli arxitektura va bezak sanʼati dasturlari doirasida vujudga kelgan.
Asosan XX asrning 60-yillari oxirida Toshkent shahridagi yangi turarjoy majmualarining devorlariga terib chiqilgan. Mozaikalarning yaratilishi, bir tomondan, shaharga zamonaviy qiyofa berish, ikkinchi tomondan esa mehnat, xalqlar doʻstligi, tinchlik va ilm-fan rivoji kabi ideologiyalarni targʻib qilishga qaratilgan. Sovet Ittifoqi ommaviy monumental mozaikani badiiy mahorat va gʻoyalarni yetkazishning mukammal kombinatsiyasi sifatida koʻrgan. Badiiy ijod erkinligiga cheklovlar mavjud boʻlgan boʻlsa-da, koʻplab rassomlar ushbu sharoitda ham oʻziga xos individual uslublar yaratishga muvaffaq boʻlishgan. Yaʼni, Markaziy Osiyo oʻsha paytda siyosiy markaz boʻlgan Moskvadan uzoqligi, eʼtibor markazidan biroz boʻlsa ham chetdaligini anglatardi, bu esa mahalliy rassomlarga maʼlum bir erkinlik bergan. Natijada ularda sovet unsurlari va uslublarini mahalliy xalq ogʻzaki ijodi va madaniyati bilan aralashtirib, islomiy va milliy estetik-madaniy unsurlar va obrazlar bilan aralashgan sotsialistik realizmning oʻziga xos yoʻnalishini yaratish imkoni tugʻiladi. Mozaikalar orasida milliy naqshlar va motivlarga murojaat qilish hollari ham uchrab, bu Toshkentning koʻp millatli va boy tarixiy madaniy qiyofasini aks ettirgan. Asosan, sevgi va jasorat haqidagi folklor asarlar qahramonlari, milliy liboslar, urf-odatlar, taomlar va cholgʻu asboblari, mahalliy aholi tasvirlari tushirilgan.
Hozirgi kunda 150 ta turarjoy binosining fasadi mozaikalar bilan bezatilgan. Umumiy hisobda, turarjoy va noturarjoy binolari, metro bekatlar, ayrim rasmiy idoralarning fasadi, maktab va boshqa binolar bilan Toshkentda 450 dan ortiq mozaik pannolar mavjud. Ular asosan seysmik modernizm namunalari hisoblanadi. Sharqona ornomental uslubdagi bu mozaikalarning asosiy qismi taniqli monumentalist va arxitektorlar — aka-uka Pyotr, Nikolay va Aleksandr Jarskiylar tomonidan ishlangan.
Yaratilish tarixi thumb|left|250px|„Mosaics Brighten a Reborn Tashkent“ (Qayta qurilgan Toshkentni mozaikalar yoritadi). The New York Times nashri. 1970-yil 26-may. Toshkentdagi mozaikalar 1966-yilgi zilziladan so‘ng vujudga kelgan. Bu zilzila oqibatida 300 mingdan ortiq odam uysiz qoladi, 2236 ta ma’muriy bino, 700 ga yaqin savdo va umumiy ovqatlanish shahobchalari, shuningdek, mingga yaqin boshqa binolar zarar ko‘radi. Shundan so‘ng shaharni qayta qurish jarayoni boshlanib, yangi Toshkent shakllanadi. Sobiq Sovet Ittifoqiga kiruvchi davlatlardan malakali quruvchilar Toshkentga yuboriladi. Meʼmorlarga shaharning maʼlum hududlaridan joylar ajratib berilgan. Qurilish texnikasi yaxshi rivojlangan mamlakatlar shaharning markaziy binolarini tiklashgan. Meʼmorlar qurilayotgan inshootlarning o‘ziga xosligiga alohida e’tibor berishgan. Masalan, qozog‘istonlik quruvchilar qurgan binolardan birida raqs tushayotgan ayol va uning yonida keksa odam tasvirlangan.
Mozaikalar o‘rnatish texnologik jihatdan murakkab bo‘lmagan. Panellar dastlab pastda tayyorlanib, keyin devorlarga o‘rnatilgan. Rassomlar va arxitektorlar naqshlarni puxta ishlab chiqqanlar. Jarayon murakkab ko‘ringani bilan, eskizlar ishlab chiqilgach, panel quyish texnik jihatdan qiyinchilik tug‘dirmagan. Shu sababli qisqa vaqt ichida qurilgan binolarning bezaklariga mozaikalar eng yaxshi yechim bo‘lgan. Panellar beton zavodida ishlab chiqarilgan. Eskizlar ko‘mir yordamida maxsus ustaxonada chizilgan. Panel o‘lchami taxminan 3x3 bo‘lib, shu kattalikdagi qog‘ozlarga mozaika rasmlari chizilib, ranglar tanlangan.
Eskizlar tayyor bo‘lgach, boshqa ustaxonada yerga yoyilib, 5x5 hajmdagi parchalarda yig‘ilgan. Parchalar orasida 3-4 millimetrli joy qoldirilgan va keyin bir-biriga yopishtirilgan.
Arxitektor Ravshan To‘xtayevning ma’lumotlariga ko‘ra, bunda xatolik qayerda yuzaga kelganini jarayon davomida sezish qiyin bo‘lgan, chunki eskizning old tomoni emas, orqa tomoni ko‘ringan. Yelimlovchi ishchi mozaikaning teskari tomonini ko‘rib ishlagan, xato esa faqat mozaika tayyor bo‘lgandan keyin ko‘ringan. Agar xatolik bo‘lsa, noto‘g‘ri joy olib tashlanib, to‘g‘rilanib, qayta yopishtirilgan, buni boshqa usulda tuzatish imkoni bo‘lmagan. Keyin panel qolipiga kermika (yuzasini pastga qaratib) qo‘yilib, ustidan beton quyilgan. Beton keramikaning orqa tomonini qoplab, bo‘sh joylari to‘ldirilgan va panel mustahkamlangan. Quriganidan so‘ng, qog‘oz suv bilan yuvilib, olib tashlangan va mozaika ochilgan. Tayyor bo‘lgan panellar o‘z joyiga olib borib o‘rnatilgan.
Mualliflar Pyotr, Nikolay va Aleksandr Jarskiylar thumb|right|300px|Pyotr, Nikolay va Aleksandr Jarskiylar ish jarayonida. Aka-uka Pyotr, Nikolay va Aleksandr Jarskiylar sharqona va ornamental uslubdagi mozaik pannolar anʼanalarini yaratgan taniqli arxitektorlar hisoblanadi. Toʻngʻich oʻgʻil Pyotr 1929-yil Estoniyada, Nikolay va Aleksandrlar esa 1931—1936-yillarda Fransiyada rossiyalik muhojir oilasida tugʻilgan. Ularning otasi Vasiliy Jarskiy ham rassom boʻlgan. 1947-yilda Rossiyaga qaytib kelishadi. Pyotr 1946-yilgacha Tuluza Sanʼat maktabida oʻqigan, keyinchalik Leningrad Zamonaviy Sanʼat Universitetini, Nikolay Leningrad badiiy akademiyasini, Aleksandr esa Qozon rassomlik institutini tugatgach 1966-yilda Toshkentga joʻnatilgan. 1966-yilgi zilziladan soʻng Toshkentni qayta qurish jarayonida faol ishtirok etishgan. U yerda temir-beton buyumlar zavodida rassom boʻlib ishlashni boshlashgan. Shahardagi koʻplab talofat koʻrgan binolar oʻrnida panel uylar qurilishi boshlab yuborilgan, biroq ular bir xil koʻrinishga ega boʻlib, oʻziga xos, alohida ajralib turadigan jozibasi boʻlmagan. Jarskiylar turarjoylarni mozaik pannolar bilan bezatish gʻoyasini ilgari surib, bu binolarga oʻziga xoslik baxsh etishgan. Jarskiylar tomonidan ishlab chiqilgan mozaik pannolar besh va toʻqqiz qavatli binolarni bezashda qoʻllanilgan. Toshkentda ilk mozaik panno Muqimiy koʻchasidagi 9 qavatli uylarning birida yaratilgan. Meʼmorlar orasida Pyotr Jarskiyning ishlari mashhur boʻlib, keyinchalik nafaqat koʻpqavatli uylarda, balki kirish eshiklari, favvoralar, gumbazlar va metro bekatlarida ham namoyon boʻla boshlaydi. Ular 20 yildan ortiq faoliyati davomida 400 dan ortiq binoga bezak bergan. Bu ishni Jarskiylarning toʻngʻichi – maʼlumoti boʻyicha monumentalist boʻlgan Pyotr boshlab bergan. Uning eskizlari asosida shisha parchalaridan mozaik panellar yaratilib, beton devorlarga terib chiqilgan. U Toshkentda oʻtgan yillari haqida shunday deydi: „Biz shahar boʻylab yurgan paytlarimizda oʻz qoʻllarimiz bilan barpo qilgan uylarimizni diqqat bilan kuzatardik. Bu binolarni qurishda qayerdadir xato qilishimiz mumkin emasdi, biz buni qabul qila olmasdik. Xato qilishga haqqimiz yoʻq edi.“ Toshkentni qayta qurishda mozaikalardan foydalanish gʻoyasi oʻsha yillarda „Toshgiprogor“ instituti bosh meʼmori Yuriy Georgiyevich Miroshnichenko hamda Pyotr Jarskiy oʻrtasida boʻlib oʻtgan suhbat davomida tugʻilgan.
Uning taʼkidlashicha, Jarskiylarning ishlari Oʻrta Osiyo va Oʻzbekistonga xos yoki anʼanaviy emas. Ularning koʻpchiligi rassom Bilibinning klassik rus ertaklaridan foydalanib ishlagan illustratsiyalariga oʻxshash. Ammo asarlar yangicha, umumeʼtirof etilgan gʻoyalarga mos emas. Arxitektor Georgiy Minasovich Sarkisov esa Jarskiylarni shunday xotirlaydi: „Aka-ukalar 70-yillarda binolarni bezatish boʻyicha haqiqiy kashshof boʻlishgan. Turarjoy binolarini bunday uslubda loyihalash hali Sovet mamlakatlari boʻylab tarqalmagan edi. Bunaqasi Toshkentdan boshqa joyda uchramasdi. Men bu darajada fidoyi, oʻz ishiga bor bilimini berib ijod qiladigan, isteʼdodli ustalarni koʻrmaganman“.
Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach, Pyotr Jarskiyga Toshkentdagi Prezident saroyini hamda Oʻzbekistonning Moskvadagi elchixonasi binosiga dekorativ toʻsiqlar oʻrnatish ishlari topshiriladi. Pyotr Jarskiy 1993-yil 27-sentyabr kuni Toshkentda, 64 yoshida vafot etadi. Shu sababli Toshkent shahrida qurilishi kerak boʻlgan mozaikali koʻpqavatli binolar loyihasini yakunlash ishlarini ukasi Aleksandr Jarskiy zimmasiga oladi.
Burmakin Vladimir Ivanovich 1969-yilda Toshkentdagi „Bilimlar uyi“da Burmakin oʻzining shaxsiy koʻrgazmasini tashkil qiladi. Burmakin Oʻzbekiston, Rossiya hamda boshqa mamlakatlardagi xalqaro koʻrgazmalarda qatnashgan. Burmakinning ijodiy ishlari Amerika, Germaniya, Fransiya, Angliya, Polsha, Turkiya, Bolgariya kabi davlatlarning muzeylarida saqlanadi. Birgina Germaniyadagi mehmonxonalarning birida rassomning 200 ga yaqin asari toʻplam holida saqlanadi. 60-yillarning oxirida Toshkentdagi badiiy muassasalarda dars bergan. Oʻzbekistonda keyinchalik taniqli boʻlgan rassomlarga ustozlik qilgan. Toshkentni qayta qurish jarayonlarida oʻz chizmalari bilan ishtirok etgan.
Buxarboyev Abdumalik Abduqodirovich Buxarboyev 1940-yilda Toshkentda tugʻilgan boʻlib, asli millati qozoq. 60-yillarning oxirida Toshkent Badiiy bilim yurtini tugatib, Teatr-badiiy institutida tahsilni davom ettiradi. Asosan Qozogʻiston tarixi va madaniyatiga qiziqqan. Zilziladan keyin Toshkentda koʻplab yirik meʼmoriy obyektlar qurilishi va bezatilishiga oʻz hissasini qoʻshgan. Toshkent metropoliteni, „Oʻzbekiston“, „Hamza“ (hozirgi „Novza“) metro bekatlari, „Chor-Su“ mehmonxonasi, Oʻzbekiston Respublikasi teleradio markazi, „Xalqlar doʻstligi“ sanʼat saroyi, „Le Meredian“ kabi mehmonxonalarni bezashga hissa qoʻshgan. Ishlari asosan Florensiya mozaikasi uslubida qilingan.
Ablin Evgeniy Mixaylovich Rassom 1928-yilda Moskvada tugʻilgan. 1958-yilda Moskvadagi Rassomlar uyushmasiga aʼzo boʻladi. Yevgeniy ushbu shahardagi Pionerlar saroyining badiiy bezaklari bilan shugʻullangan. 1970-yil „Toshkent“ loyihasi ustida ish boshlash maqsadida Oʻzbekistonga kelgan. Dastlab Samarqand va Buxoroga borib, u yerdagi tarixiy yodgorliklar bilan tanishib chiqqan. 1973-yilda Toshkent Telemarkazidagi mozaikalar ustida ish boshlagan va bu 8 yil davom etgan. Aynan „Toshkent“ loyihasi uchun tajriba orttirish maqsadida 1975-yil Turkiyaga borib, Vizantiya mozaikalari bilan tanishadi. 1981-yilda esa Ispaniyaga boradi. Svetlana Ivanovna Sherbinina
Svetlana Sherbinina — sovet va rus monumental sanʼat ustasi. 1930-yil Ivanovo viloyatida tugʻilgan. Rossiya Federatsiyasi xalq rassomi. Rossiya Badiiy akademiyasi muxbir aʼzosiЩербинина Светлана Ивановна (1930—2017). Rossiya Federatsiyasi davlat mukofoti sovrindori. 2013-yilda tasviriy sanʼat rivojiga qoʻshgan hissasi uchun Rossiya Federatsiyasi Rassomlar uyushmasining Surikov nomidagi oltin medali bilan taqdirlangan.
1945-yilda Svetlana 7 yillik maktabni tugatib, Yaroslav nomidagi rassomlar bilim yurtiga oʻqishga kirgan. 1950-yilda esa Moskva Amaliy va Dekorativ sanʼat institutining Arxitektura va badiiy keramika fakultetida oʻqiy boshlagan. U yerda Svetlana ustozi, taniqli rassom Yekaterina Zernovadan tahsil oladi. Turmush oʻrtogʻi Leonid Polishuk ham monumental sanʼat ustasi, Rossiya xalq rassomi. Er-xotinlar hammualliflikda yirik sanʼat asarlari yaratishgan. Masalan, haykaltaroshlik, stanok uslubidagi rassomlikga oid, monumental-dekorativ asarlar, jumladan, devoriy rasm, vitraj, mozaikalar. Ularning asarlari Moskva, Ufa, Toshkent, Surgut va Genuyada (Italiya) yirik jamoat binolarini bezagan. Sovet davrida baʼzi asarlari buzib tashlangan. Masalan, Surgutdagi Gubkin haykali, Sarskoy qishlogʻidagi „Pushkin“ devoriy rasmi (1962—1965) shular jumlasidandir. Er-xotin monumentalist rassomlarning asarlari Tretyakov Davlat galereyasida, Sankt-Peterburgdagi Teatr muzeyida, AQShdagi TMORA (The Museum of Russian Art, Minnesota, Rey Jonson nomidagi Rus sanʼati muzeyi)da, Toshkentda va koʻplab xususiy kolleksiyalarda saqlanadi.