Muhammad ibn Abdulmalik ibn Marvon () (750-yilda vafot etgan) – Umaviy shahzoda, xalifa Abdulmalikning () oʻgʻli. Umaviylar sulolasi ichki siyosatida, shu jumladan, Uchinchi musulmon fuqarolar urushida va xalifa Marvon II ning () xalifalikka tayinlanishida rol oʻynagan. 747–748-yillarda Marvon II hukmronligi davrida Makka, Madina va Toif hokimi boʻlgan. 750-yilda Falastindagi Nahr Abu Futrusdagi Umaviylar qirgʻinida Abbosiylar tomonidan qatl etilgan.

Yoshlik yillari va faoliyati Muhammad ibn Abdulmalik Umaviylar xalifasi Abdulmalik va uning choʻri ayollaridan (ummu al-valad) birining oʻgʻli boʻlgan. Hishom 724-yilning 6-mart kuni Muhammadni Misrning birinchi hokimi etib tayinlagan. Xalifa bilan siyosatdagi kelishmovchiliklar tufayli isteʼfoga chiqqan va uning oʻrniga 724-yil 2-mayda boshqa bir Umaviylar vakili al-Hur ibn Yusuf tayinlangan.

Uchinchi fitnadagi roli Muhammad 744-yilda jiyani xalifa al-Volid II ning oʻldirilishi, undan soʻng Umaviylardan al-Volidning muxoliflari yetakchisi, boshqa bir jiyani Yazid III ning taxtga oʻtirilishi ortidan sodir boʻlgan Uchinchi musulmon fuqarolar urushida rol oʻynagan. Volid II ning oʻldirilgani haqidagi xabar Jund Filastin (Falastin harbiy okrugi) qoʻshini harbiylariga yetib borgach, ular Muhammadning ukasi Said al-Xayrni lavozimidan chetlatib, uning oʻrniga Muhammad va Saidning ukasi, xalifa Sulaymonning () oʻgʻli Yazid ibn Sulaymonni tayinladilar. Shundan soʻng Balqayn qabilasidan boʻlgan Hubaysh ibn Duljaning nabiralari boshchiligidagi Jund al-Urdun qoʻshinlari Yazid III ga qarshi koʻtarilgan qoʻzgʻolonga qoʻshilib, Muhammadni oʻzlariga boshliq etib tayinladilar. Yazid III isyonchilarga qarshi Muhammadning jiyani Sulaymon ibn Hishomni yubordi. Bir maʼlumotga koʻra, Yazid III ning elchilari Muhammadni xalifaga bayʼat qilishga koʻndirgan. Yana bir maʼlumotga koʻra, xalifa qoʻshinlari Jund al-Urdun qishloqlariga kirib borib, Tiberiyaga bostirib kirishgan, u yerda Muhammadning qarorgohini talon-taroj qilishgan, qurollari, otlari va tuyalarini tortib olishgan. Jund al-Urdun qoʻshinlari Sinnabra yaqinida Yazid III ga oʻz sadoqatlarini bildirganlar. Soʻngra Yazid III ukasi Ibrohim ibn al-Volidni Jund al-Urdunga hokim etib tayinlagan. Ayrim maʼlumotlarga koʻra, Yazid III Ibrohimni hokim etib tayinlaganidan soʻng Jund al-Urdun qoʻshinlari Muhammadni qoʻllab-quvvatlagan va toki ularga moliyaviy imtiyozlar taklif qilinmaguncha Ibrohimning hokimiyatini tan olishdan bosh tortgan.

Keyingi hayoti va oʻlimi Yazid III 744-yilda vafot etgan va uning oʻrniga Ibrohim bir necha oy davomida Umaviylar xalifasi boʻlgan. Oradan biroz vaqt oʻtib, oʻzining uzoq amakivachchasi Marvon II uchun taxtdan voz kechgan. 745-yilda Muhammad, akalari Said al-Xayr, Abu Bakr Bakkar, jiyanlarining oilalari, xalifalar Volid I (), Sulaymon, Yazid II () va Hishomning oʻgʻillari Havrondagi Dayr Ayyubda Marvon II ga bay’at qilgan.

747–748-yillarda Marvon II Muhammadni Makka, Madina va Toifga hokim etib tayinlagan. 748-yilning avgustida Muhammad Makkada haj ziyoratiga boshchilik qilgan. Keyingi yili uning oʻrniga Volid ibn Urva as-Saʼdiy hokim etib tayinlangan. Abbosiylar inqilobi natijasida 750-yilda Umaviyyalar xalifaligi agʻdarilgach, Muhammad Falastindagi Antipatris daryosi (Nahr Abi Futrus) boʻyidagi bir ziyofatda Abbosiylar tomonidan oʻldirilgan Umaviyalarning oʻnlab aʼzolari orasida bor edi.

Manbalar

Adabiyotlar

Turkum:8-asr Misrdagi Umaviylar hokimlari Turkum:8-asr arab shaxslari Turkum:750-yilda vafot etganlar Turkum:Madinadagi Umaviylar hokimlari