Afrikaning mustamlakaga aylantirilishi — Yevropaning (undan oldin Osiyo ham) Afrika qitʼasini mustamlaka qilish jarayoni. Mustamlakalar birinchi marta Afrikada qadimgi davrlarda tashkil etilgan. Qadimgi yunonlar va rimliklar nafaqat Yevrosiyoning ayrim qismlarini, balki Afrika qit’asining shimolini ham mustamlakaga aylantirishgan. Baʼzi mustamlakalar asrlar davomida saqlanib qolgan. Shunday boʻlsa-da, Afrikadagi mustamlakachilik haqida gapirilganda, odatda Yevropaning yangi imperializm davridagi (1884—1914-yillar) „Afrika uchun kurash“ jarayonida Afrika davlatlari va jamiyatlarining Yevropa tomonidan bosib olinishi hamda Ikkinchi Jahon urushidan keyingi bosqichma-bosqich dekolonizatsiya jarayonlari nazarda tutiladi.
Undan keyingi davrda Afrikani mustamlakaga aylantirishda ishtirok etgan davlatlar Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Portugaliya, Ispaniya, Belgiya va Italiya edi. Yevropa hukmronligi Afrika davlatlariga sezilarli ta’sir ko’rsatdi. Muxtoriyatning tugatilishi mahalliy urf-odatlarni yoʻq qildi. Bu esa Afrikaning ijtimoiy-iqtisodiy tizimlarida keskin o’zgarishlarga sabab boʻldi. Mustamlakalar asosan iqtisodiy foyda ko’rish va tabiiy boyliklarni qazib olish maqsadida egallangan. Hozirgi kunda Afrikaning deyarli barcha mamlakatlarida hukumat va ommaviy axborot vositalari ishlatadigan til yaqin oʻtmishdagi mustamlakachi davlatlar tomonidan qo’llanilgan til. Shunga qaramay aholining aksariyati o’zining mahalliy tillarida gaplashishadi. Qadimgi va oʻrta asrlardagi mustamlakalar
Qadimda, Shimoliy Afrikada Yevropa va Gʻarbiy Osiyodan kelgan muhojirlar, xususan, yunonlar va finikiyaliklar tomonidan koloniyalar tashkil etilgan.
Misr firʼavni Amasis II (miloddan avvalgi 570—526-yillar) hukmronligi davrida, keyinchalik Iskandariyadan 50 mil uzoqlikda joylashgan Navkratisda yunon savdo koloniyasi barpo etiladi. Taxminan oʻsha vaqtlarda yunonlar Kirenaikani ham egallaydilar. Miloddan avvalgi 513-yilda Kirena va Karfagen oʻrtasida yunon koloniyasini barpo etishga urinish boʻlgan, ammo bu ikki yildan soʻng mahalliy aholi va karfagenliklarning yunon mustamlakachilarini quvib chiqarishi bilan amalga oshmay qolgan. Makedoniyalik Aleksandr (miloddan avvalgi 356—323-yillar) Misrni bosib olish paytida Iskandariyaga asos soladi. Bu shahar ellinistik madaniyatning va Rim davlatchiligining yirik shaharlaridan biriga, savdo va madaniyat markazi, shuningdek, harbiy shtab va aloqa tuguniga aylandi.
Finikiyaliklar Shimoliy Afrika qirgʻoqlari boʻylab bir nechta koloniyalar tashkil etishgan. Ularning baʼzilari nisbatan oldinroq barpo etilgan. Masalan, Utikaga tahminan miloddan avvalgi 1100-yilda asos solingan. Karfagen esa miloddan avvalgi 814-yilda tashkil qilingan. Uning joylashuvi hozirgi Tunis hududiga toʻgʻri keladi. Miloddan avvalgi IV asrga kelib shahar hududi Oʻrta Yer dengiziga qadar kengayib borgan. Karfagenliklar Afrikaning Atlantika qirgʻoqlari boʻylab tadqiqotlar oʻtkazish va koloniyalar barpo etish maqsadida ekspeditsiyalar yuborishgan. Bunga misol qilib Hannoning taxminan miloddan avvalgi 425-yillardagi manbasini keltirish mumkin.
Karfagenliklar rimliklar bilan toʻqnash kelgan. Ular oʻrtasidagi uchinchi va soʻnggi jangdan (miloddan avvalgi 150—146-yillar) keyin Rim Karfagenni butunlay bosib olgan. Bu jang tarixga Uchinchi Puni urushi nomi bilan kirgan. Tarixchi Scullard miloddan avvalgi II asr oxirida Gaius Gracchus, miloddan avvalgi I asrda Yuliy Sezar va Avgustning shu joy yaqinida yangi Rim koloniyasini tashkil etish rejalari boʻlganini tilga olgan. Bu koloniya barpo etilgan va Avgust davrida Rim provinsiyasi deb eʼlon qilingan. Karfagen Rim provinsiyasining Afrikadagi poytaxti vazifasini bajargan. Gotik vandallar V asrda u yerda qisqa muddatga hukmronlik oʻrnatishgan, ammo koʻp oʻtmay yana rimliklarga, bu safar Vizantiya qoʻliga oʻtib ketgan. Keyinchalik butun Rim/Vizantiya Shimoliy Afrikasi VII asrda arablar qoʻliga oʻtgan. Arablar arab tilini va Islom dinini ilk oʻrta asrlarda kiritgan boʻlsa, Malayya-polinez tillarida soʻzlashuvchi guruh Madagaskarga Malagasi tilini bundan ham ertaroq olib kirgan.
Zamonaviy davr boshlarida Yevropaning ilk ekspeditsiyalari savdo bazasi sifatida qirgʻoqboʻyi savdo postlarini oʻrnatishga, shuningdek, oʻsha vaqtgacha inson yashamagan Kabo-Verde va San-Tome orollarini mustamlakaga aylantirishga qaratilgan edi. Ispanlar XV asrda Shimoliy Afrika qirgʻogʻi yaqinidagi Kanar orollarini zabt etib, mahalliy Berber aholisining genotsidiga sabab boʻlishdi.
Yevropaliklar tomonidan Afrika qit’asida asos solingan ilk zamonaviy shahar Keyptaun boʻlib, 1652-yilda asos solingan. Uni Gollandiyaning Ost-Indiya kompaniyasi sharqqa suzib ketayotgan Yevropa kemalari uchun oraliq bekat vazifasini oʻtash maqsadida qurgan.
Afrika uchun kurash
Buyuk Britaniya, Fransiya, Ispaniya va Portugaliya Afrika qitʼasining qirgʻoqboʻyi hududlarini egallagan, ammo hali ichki hududlargacha kirib bormagan edi. 1870-yilga kelib, yevropaliklar Afrika hududining oʻndan bir qismini, asosan Oʻrtayer dengizi boʻylari va qitʼaning janubiy hududlarini nazorat qilgan. Qolgan hududlarni mustamlaka qilish rejasining dastlabki tarafdorlaridan biri Belgiyaning qiroli Leopold boʻlgan. U Kongo havzasini 1908-yilgacha shaxsiy mulki sifatida bosib olib, mustamlaka siyosatini amalga oshirgan va mahalliy aholini bosim ostida ushlab turgan. 1885-yilda Otto von Bismarck tashabbusi bilan chaqirilgan Berlin konferensiyasi Yevropa davlatlari oʻrtasida qurolli nizolarni oldini olish va xalqaro qoidalarni belgilash maqsadida tashkil etilgan. Ushbu konferensiya Ikkinchi sanoat inqilobi bilan bogʻliq boʻlgan „Yangi imperializm“ni shakllantirdi. Bu kelishuv imperialistlarga ichki hududlarga kirib borish imkonini berdi va bu jarayonda ular oʻrtasida nisbatan kam nizolar yuzaga keldi. Imperialist davlatlar oʻrtasidagi jiddiy mojarolardan biri 1898-yilda Buyuk Britaniya va Fransiya oʻrtasida yuz bergan Fashod mojarosi boʻldi. Ammo, bu masala mustamlakachi davlatlar oʻrtasida sezilarli harbiy toʻqnashuvlarsiz hal qilindi. 1870-yildan 1914-yilgacha Yevropa oʻz mustamlakachilik mulklariga deyarli 23 million kvadrat kilometr, yaʼni Yer yuzasining beshdan bir qismini qoʻshib oldi.
Imperializm butun Yevropada oʻz-oʻzini hurmat qilishni hissini shakllantirdi. Birinchi va Ikkinchi jahon urushi ittifoqchilari urushlar davomida Afrika ishchi kuchi va askarlaridan keng miqyosda foydalandilar. Maʼmuriy boshqaruv uslublari nuqtai nazaridan, fransuzlar, portugallar, nemislar va belgiyaliklar „bevosita boshqaruv“ deb ataladigan yuqori darajada markazlashgan maʼmuriy tizimni qoʻllaganlar. Aksincha, inglizlar mahalliy aholidan hokimiyat vakillarini aniqlab, ularni Britaniya imperiyasi manfaatlari yoʻlida boshqarishga undagan yoki majburlash orqali hukmronlik qilishga intilganlar. Bu bilvosita boshqaruv usuli edi. Fransiya Parijdan turib, anʼanaviy mezonlarni eʼtiborga olmasdan, faqat Fransiyaga sodiqlikni hisobga olgan holda, rahbarlarni tayinlab boshqaruvni amalga oshirdi. Fransiya Afrikada ikkita yirik mustamlaka federatsiyasini – Fransiya G‘arbiy Afrikasi va Fransiya Ekvatorial Afrikasini tashkil etdi. Fransiya davlat amaldorlarini tayinlar, qonunlar chiqarar va mustamlaka assambleyalari tomonidan qabul qilingan har qanday choralarni tasdiqlar edi.
Germaniya Sharqiy Afrikasidagi mahalliy guruhlar Germaniya tomonidan majburan ishlash va soliq toʻlashga qarshi turishgan. 1888-yilgi Abushiri qo‘zg‘olonida nemislar hududdan deyarli haydab chiqarildi.
Oʻn yil oʻtgach, mustamlaka qoʻlga kiritilgan kabi koʻrinsada, biroq „bu uzoq davom etgan kurash boʻlib, ichki boshqaruv markazlari aslida kichik harbiy qal’alar ketma-ketligidan iborat edi.“ 1905-yilda nemislar keng qoʻllab-quvvatlangan Maji Maji qo‘zg‘olonidan xayratga tushishdi. Bu qarshilik harakati dastlab muvaffaqiyatli boʻldi. Biroq, bir yil ichida pulemyotlar bilan qurollangan qoʻshimcha kuchlar yordamida qoʻzgʻolon bostirildi. Germaniyaning Janubi-gʻarbiy Afrikada nazoratni oʻrnatishga urinishlari ham qattiq qarshilikka duch keldi. Bu qarshilik shafqatsizlarcha bostirildi va natijada Gerero va Nama xalqlarining ommaviy qirgʻiniga olib keldi.
Belgiya qiroli Leopold II oʻzining ulkan shaxsiy mustamlakasini Kongo erkin davlati deb atadi. Uning afrikaliklarga nisbatan shafqatsiz munosabatda boʻlishi kuchli xalqaro eʼtirozlarga sabab boʻldi va Yevropa kuchlari uni mustamlaka ustidan nazoratni Belgiya parlamentiga topshirishga majbur qilishdi.
Vincent Khapoya kolonial davlatlarning mustamlakani iqtisodiy jihatdan boshqarishga katta eʼtibor berishganini taʼkidlaydi. Bunga quyidagilar kirardi: yerlarni bosib olish, koʻpincha majburiy mehnatni joriy etish, naqd pul keltiruvchi ekinlarni olib kirish, baʼzan hatto oziq-ovqat ekinlarini eʼtiborsiz qoldirish, mustamlakachilikdan oldingi davrdagi Afrikalararo savdo tartiblarining oʻzgarishi, Hindistondan ishchilarni olib kelish va boshqalar, shuningdek, Afrikaning Yevropa sanoati uchun xom ashyo manbai sifatida qolishi. Keyinchalik mustamlakachi kuchlar qullikni bekor qilish, infratuzilmani rivojlantirish, sog‘liqni saqlash va ta’limni yaxshilashga e’tibor qaratdilar.
Mustamlakachilikdan xalos boʻlish
Khapoya Afrikada mustamlakachilikka qarshi kuchli qarshilik ko‘rsatilganini taʼkidlaydi. Texnik ustunlik mintaqani zabt etish va hukmronlik oʻrnatishda muhim ahamiyat kasb etgan. Mustaqillik tarafdori boʻlgan afrikaliklar Afrikadagi yevropaliklar bilan muloqotda Yevropa ta’limining ustunligini tan olishdi. Afrikaliklarning bir qismi o‘z cherkovlarini tashkil etishdi. Shuningdek, afrikaliklar, jahon urushlari paytida imperialistik mamlakatlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan saʼy-harakatlari uchun ham adolatli ragʻbatlantirilmadi. Yevropa tomonidan oʻrnatilgan chegaralar rivojlanib ulgurmagan hududlarga to‘g‘ri kelmasa-da, bular odamlarning siyosiy faolligini oshirib, mustaqillik yo‘lidagi kurashni osonlashtirdi. Bunday guruhlarga huquqshunoslar, shifokorlar, kichik burjuaziya (buxgalterlar, o‘qituvchilar, kichik savdogarlar), shahar ishchilari, fermerlar, dehqonlar kirar edi. Savdo uyushmalari va boshqa nodavlat tashkilotlar vaqt o‘tib siyosiylashdi.
Britaniya hokimiyatni bosqichma-bosqich oʻtkazish va shu orqali mustaqillikka erishish jarayonini amalga oshirishni maqsad qilgan bo‘lsa, Fransiyaning assimilyatsiya siyosati, ayniqsa Shimoliy Afrikada, ba’zi noroziliklarga sabab boʻldi. 1956-yil mart oyida Marokash va Tunisga mustaqillik berildi. Marokash va Tunis mustaqil bo‘lganidan so‘ng, Fransiya o‘z eʼtiborini Aljirga qaratdi. Aljirda esa mustaqillikka erishish uchun uzoq (1954—1962) va qonli kurash bo‘ldi. Prezident Charles de Gaulle 1958-yilda bu masala boʻyicha referendum oʻtkazganida, faqat Gvineya toʻgʻridan-toʻgʻri mustaqillik uchun ovoz bergan. Shunga qaramay, 1959-yilda Fransiya konstitutsiyaga oʻzgartirish kiritib, boshqa mustamlakalarga ham bu imkoniyatni berdi.
Britaniya Sharqiy Afrikasidagi fermerlar oʻz yerlarini tortib olishga urinishlaridan va oʻz xohish-istaklariga va tajribalariga zid ravishda qishloq xoʻjaligi usullarining joriy etilishidan norozi edilar. Tanganyikada Julius Nyerere faqat afrikaliklar orasida, ularni umumiy suaxili tili orqali birlashtiribgina qolmay, balki irqiy jihatdan ustunlikka ega bo‘lgan (aslida nohaqlik) oq tanli rahbarlarga ham taʼsir o‘tkazgan. 1961-yilda mustaqil Tanganyikaning rahbariga aylandi. Keniyada esa, 1930-yillarda oq tanlilar afrikalik dehqonlarni yerlaridan haydab chiqarishgan. 1940-yillardan boshlab ziddiyatlar davom etgan va bu ziddiyatlar 1952-yilda yanada kuchaygan. 1955-yilga kelib, Buyuk Britaniya qoʻzgʻolonni bostirdi. 1960-yilda esa Buyuk Britaniya Afrika koʻpchilik tomonidan boshqarilish tamoyilini qabul qildi. Oradan uch yil oʻtib Keniya mustaqillikka erishdi.