Kibriyo Qahhorova () – taniqli oʻzbek tarjimoni va adabiyotshunosi. Koʻplab nodir asarlarni tarjima qilgan. Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Abdulla Qahhorning turmush oʻrtogʻi. O‘zbekiston SSRda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi (1987). SSSR Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.

Olima adabiyotshunoslik, tarjima va nasr sohalarida faoliyat olib borgan. Tarjimon sifatida rus, fors va tojik tilidagi koʻplab kitoblarni oʻzbek tiliga tarjima qilgan. Shuningdek, Abdulla Qahhorning bir qancha asarlarini oʻzbekchadan tojikchaga tarjima qilgan.

Adabiyotshunos sifatida oʻzbek tilida soʻzlarning yasalishi hamda toʻgʻri qoʻllanishi haqida izlanishlar olib borgan. Yozuvchi sifatida, Abdulla Qahhor haqida xotira asarlarini yozib qoldirgan.

Hayoti Kibriyo Qahhorova 1914-yilning 14-aprelida Turkiston general-gubernatorligiga qarashli Samarqand shahrining „Xonsaid imom“ koʻchasida ziyoli oilasida tugʻilgan. Otasi Lutfullo Maxsum Fayzullayev ziyoli inson boʻlib, Buxorodagi „Koʻkaldosh“ madrasasida tahsil olgan. Qahhorova shahardagi 9-sonli oʻrta maktabni tamomlagach, oʻqituvchilarni tayyorlash maxsus kursini oʻqiydi. 1930-yilda Samarqand shahridagi 16-maktabga oʻqituvchi sifatida ishga kiradi. 1932-yilda Samarqanddagi yirik nashriyotga Sadriddin Ayniyning koʻmagi asosida ishga qabul qilinadi. 1938-yilgacha nashriyotda muharrir, adabiy boʻlim mudiri sifatida faoliyat yuritgan. Shu yili, Leningdrad universitetining sharqshunoslik fakultetiga oʻqishga kiradi. Oʻqish chogʻida Tojikiston davlat nashriyotining Leningrad shahri boʻlimi boshligʻi sifatida ham faoliyat olib borgan. 1941-yilda Ikkinchi jahon urushi boshlangach Leningraddan Dushanbe shahriga qaytib, Tojikiston radioqoʻmitasining bosh muharriri va Tojikiston komsomol qoʻmitasining mas’ul xodimi lavozimlarida ishlaydi. Dushanbeda ishlayotgan chogʻlarida taniqli fargʻonalik shoir Mirsaid Mirshakar bilan oila qurgan.

1943-yilda Toshkent shahriga koʻchib oʻtgan. Soʻng, Xarkov shahridagi harbiy-siyosiy bilim yurtiga yuboriladi hamda 1943-yildan 1945-yilgacha Sovet Armiyasida xizmat qilgan. Unga „Leytenant“ harbiy unvoni beriladi. Xizmat paytida Toshkent harbiy okrugi muassisligidagi „Frunzevets“ gazetasida harbiy tarjimon sifatida faoliyatini boshlaydi. 1945-yilning 12-aprelida taniqli oʻzbek yozuvchisi Abdulla Qahhor bilan turmush quradi. Ayrim manbalarda ularning asl turmush qurgan yili 1943-yil deb koʻrsatiladi.

1987-yilda Qahhorova tashabbusi bilan Abdulla Qahhor uy-muzeyi tashkil etilgan. Muzeyda u tomonidan 5000 dan ortiq eksponatlar jamlangan. Muzeyda uning oʻzi vafotiga qadar ilmiy xodim sifatida ham faoliyat olib borgan.

Faoliyati Tarjimonlik faoliyati Kibriyo Qahhorova oʻzbek, tojik, arab, fors va rus tillarini mukammal bilgan. Abdulla Qahhor bilan turmush qurganidan soʻng, tarjimonlik faoliyatini boshlagan. Eng yirik tarjima ishi – rus yozuvchisi Lev Tolstoyning „Urush va tinchlik“ epopeyasi hisoblanadi. 4 qismdan iborat ushbu epopeyaning birinchi qismini Abdulla Qahhorning oʻzi, ikkinchi va uchinchi qismlarini Qahhor bilan hamkorlikda tarjima qilgan. Abdulla Qahhor 1968-yili vafot etganidan soʻng, epopeyaning qolgan 4-qismini oʻzi mustaqil tarjima qilgan.

Bundan tashqari, atoqli rus yozuvchisi Maksim Gorkiyning „Ona“, „Mening universitetlarim“ romanlarini, Nikolay Gogolning „Revizor“, Aleksandr Serafimovichning „Temir oqim“ asari, Mixail Zoshchenkoning koʻplab hikoyalarini, Chingiz Aytmatovning „Oq kema“ qissasi, „Sevgi“ romanlarini rus tilidan oʻzbek tiliga tarjima qilgan. Shuningdek, Mixail Zoshchenkoning „Lenin haqidagi hikoyalar“ asari, Sadriddin Ayniyning „Eski maktab“ qissalarini tojik tilidan oʻzbekchaga tarjima qilgan.

Oʻrta asrlar namoyondalari Avfiy Buxoriy, Nizomiddin Ubaydullo Zokoniy hamda Faxriddin Ali Safiylarning asarlari, Abul Faroj Rumiyning „Qiziqarli vaqealar“ asarini, fors tilidan oʻzbek tiliga tarjima qilgan.

Qahhorova nafaqat boshqa tillardan oʻzbek tiliga asarlarni tarjima qildi, balki Abdulla Qahhorning ayrim asarlarini tojik tiliga ham tarjima qilgan. Jumladan Qahhorning „Anor“, ​​"Oʻgʻrilar", „Boshsiz odam“, „Maston“, „Tobutdan ovoz“, „Adabiyot oʻqituvchisi“, „Beshik“, „Ming bir jon“, „Muhabbat“, „Oʻtmish ertaklari“, „Oltin yulduz“ asarlari.

Adabiyotshunoslik faoliyati Qahhorova adabiyotshunos sifatida salmoqli ishlarni amalga oshirgan. Adabiyotshunosning 1989-yilda „Sharq yulduzi“ gazetasiga bergan intervyusida, oʻzbek tilida qoʻllanadigan soʻzlarni tahlil qilib chiqib bir qancha fikrlarni bildirgan:

Bundan tashqari, asli kelib chiqishi turkiy tillariga borib taqaladigan soʻzlarni ham tadqiq qilgan.

Yozuvchilik faoliyati 230px|thumb|Bir guruh oʻzbek ijodkorlari Armaniston SSRda. Oʻngdan chapga: Said Ahmad, Shuhrat, Zulfiya, Abdulla Qahhor hamda Kibriyo Qahhorova 1958-yilda SSSR Yozuvchilar uyushmasiga aʼzo boʻladi. 1987-yilda Qahhorovaning turmush oʻrtogʻi Abdulla Qahhorning xotirasiga bagʻishlangan „Chorak asr hamnafas“ nomli kitobi „Yosh gvardiya“ nashriyotida chop etilgan. Ushbu asar dastlab „Oʻzbek haqiqati“ gazetasida hikoyalar shaklida nashr etilgan. Abdulla Qahhor vafotidan keyin, 1968-yilda adibning chop etilmay qolgan kitobi — „Yoshlar bilan suhbat“ asarini Qahhorova, taniqli adabiyotshunos Ozod Sharafiddinov hamda munaqqid Matyoqub Qoʻshjonovlar bilan birgalikda chop etgan. Shuningdek, 1987-yilda „Abdulla Qahhor“ nomli 5 jildlik asari ham nashr etilgan.

Mukofotlari Kibriyo Qahhorovaning uzoq yillik faoliyati hukumat tomonidan eʼtirof etilgan. 1987-yilning sentyabr oyida „O‘zbekiston SSRda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi“ faxriy unvoni taqdim etiladi. 1995-yilda „„1941-1945-yillardagi Ulugʻ Vatan urushidagi gʻalabaning 50 yilligi“ yubiley medali“ bilan mukofotlangan. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoniga muvofiq, Shuhrat medali bilan mukofotlangan.

Xotirasi 2014-yilning 14-aprel kuni Kibriyo Qahhorova tavalludining 100 yilligi munosabati bilan Tojikiston davlat universitetining „Xalqaro jurnalistika“ kafedrasida adabiy kecha tashkil etilgan. Shuningdek, tojik dramaturgi Mansur Surush muallifligida adabiyotshunosning hayoti va ijodi haqida hikoya qiluvchi „Qissayi bonui sohibqalam“ asari nashr etilgan.

Oʻzbek shoirasi Sharifa Salimova muallifligida „Kibriyo Qahhorova haqida toʻplam“ nomli asari nashr etilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-fevral kunidagi „Jamiyatda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish, mahalla institutini yanada qoʻllab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi PF-5938-sonli farmoniga muvofiq, Kibriyo Qahhorova va Abdulla Qahhor haqida film suratga olinishi belgilangan.

2023-yil 14-aprel kuni adabiyotshunos tavalludining 109 yilligiga bagʻishlab, „Buyuk inson ayoli“ shiori ostida ziyorat tadbiri oʻtkazilgan. Tadbir davomida bir guruh ziyolilar Abdulla Qahhor uy-muzeyiga tashrif buyurishgan.

2024-yil sentyabr oyida Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan Kibriyo Qahhorova tavalludining 110 yilligi munosabati bilan, „Abdulla Qahhor mohir hikoyanavis“ nomli adabiy, ilmiy-maʼrifiy tadbir oʻtkazilgan.

Samarqand viloyati tarkibidagi Samarqand shahrining koʻchalaridan biriga „Kibriyo Qahhorova“ nomi berilgan.

Yana qarang Abdulla Qahhor Mirshakar Urush va tinchlik Oq kema

Manbalar

Turkum:Oʻzbekistonlik sharqshunoslar Turkum:Oʻzbekiston adabiyotshunoslari Turkum:Oʻzbekistonlik tarjimonlar Turkum:Oʻzbek tarixchilari Turkum:Samarqandda tugʻilganlar Turkum:1914-yilda tugʻilganlar Turkum:1996-yilda vafot etganlar Turkum:Shuhrat medali sohiblari Turkum:O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimlari Turkum:Tarjimonlar Turkum:SSSR Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari