Shahzoda Muhammad bin Abdulaziz xalqaro aeroporti () yoki Madina aeroporti  – Saudiya Arabistonining Madina shahriga xizmat koʻrsatuvchi mintaqaviy aeroport. 1950-yilda ochilgan aeroportda mahalliy reyslar va Al-Quvayt, Dubay, Istanbul va Qohira kabi mintaqaviy yoʻnalishlarga xalqaro qatnovlarni amalga oshiriladi. Haj va umra mavsumlarida xalqaro charter reyslariga ham xizmat koʻrsatadi. Ziyoratchilar faqat shu aeroport va Jidda aeroporti orqali Saudiya Arabistoniga kira oladi. Madina aeroporti mamlakatning toʻrtinchi eng gavjum aeroporti va Yaqin Sharqning eng gavjum aeroportlaridan biridir. 2018-yilda 8 144 790 yoʻlovchiga xizmat koʻrsatgan.

Umumiy tavsifi

Aeroport 2007-yilda xalqaro maqomni olgan. Turkiyaning TAV Airports Holding hamda Saudiya Arabistonining Saudi Oger Limited va Al Rajhi Holding Group kompaniyalaridan iborat konsorsium gʻolib boʻlgan. 2011-yil oktyabrda konsorsium Saudiya Fuqarolik aviatsiyasi bosh boshqarmasi (GACA) bilan al-Madina al-Munavvaradagi Shahzoda Muhammad bin Abdulaziz xalqaro aeroportini qurish va foydalanish boʻyicha 25 yillik shartnoma imzoladi. Loyiha 2012-yil 30-iyunda moliyaviy yakuniga yetdi va Saudiya Arabistoni banklari klubidan umumiy miqdorda 1,2 mlrd dollarlik moliyashtirish paketini qoʻlga kiritdi. GACA aeroport infratuzilmasiga egalik huquqini saqlab qolgan holda „Qurish-boshqarish-topshirish“ () loyihasi hisoblanadi. Ushbu loyiha uchun tuzilgan maxsus kompaniya – TIBAH Airports Development Company Limited orqali konsorsium aeroportni boshqarish, xususan, havo va yerdagi hududlar uchun javobgar boʻladi. GACA regulyator sifatida ishlashda davom etadi va havo harakatini boshqarish uchun javobgar boʻladi.

25 yillik konsessiya Saudiya Arabistonidagi birinchi toʻliq davlat-xususiy sheriklik loyihasi hisoblanadi. Loyihaning dastlabki qurilish qiymati 1,2 mlrd AQSh dollarni tashkil etadi, kelajakdagi investitsiyalar va kengayishlar hisobiga 1,5 mlrd dollargacha yetishi mumkin. Garchi Koʻrfaz hamkorlik kengashi mintaqasida bir qator yirik transport loyihalari rejalashtirilgan boʻlsa-da, ushbu loyiha 2012-yilda moliyaviy yopilishi amalga oshirilgan eng yirik infratuzilma loyihasi boʻldi. Uchta kreditor – Milliy tijorat banki, Arab milliy banki va Saudiya-Britaniya banki – 1,2 milliard AQSh dollarlik islomiy moliyalashtirish paketini taqdim etdi. Bu paket uch yillik 436 million AQSh dollarlik tovar Murobaha kapital koʻprik krediti, 18 yillik 719 million AQSh dollarlik xarid krediti (bir necha transhlarda) va 23 million AQSh dollarlik aylanma mablagʻ kreditini oʻz ichiga oladi. Mazkur mablagʻ asosan Saudiya rialida moliyalashtirilgan.

Madina aeroportining yaqinda kengaytirilgan terminali AQShning Yashil bino kengashi (USGBC) tomonidan Energiya va atrof-muhit dizaynidagi yetakchilik (LEED) Gold sertifikatiga loyiq deb topildi. LEED sertifikati „yashil“, yaʼni ekologik barqaror qurilish sohasida sanoat standarti sifatida qabul qilinadi. Ushbu mukofot Madina aeroportini Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mintaqasidagi birinchi LEED Gold sertifikatiga ega boʻlgan tijorat aeroport terminaliga aylantirdi. Bundan tashqari, loyiha Project Finance International Middle East & Africa Awards tomonidan 2013-yilning Yaqin Sharqdagi eng yaxshi infratuzilma shartnomasi, shuningdek, Euromoney Islamic Finance Awards tomonidan 2013-yilning eng yaxshi islomiy moliyalashtirilgan loyiha shartnomasi deb eʼtirof etilgan.

Yangi Madina aeroportining sinov faoliyati 2015-yil 12-aprel kuni boshlandi. Shu kuni mahalliy reys bilan Ar-Riyoddan uchib kelgan Saudia aviakompaniyasining samolyoti soat 11:00 da yangi Shahzoda Muhammad binn Abdulaziz xalqaro aeroportiga qoʻndi va aeroportning sinov faoliyatiga rasmiy start berildi. SV1435 reysi aeroportga birinchi boʻlib qoʻngan boʻsa, SV1476 reysi esa soat 11:45 da havoga koʻtarilib, yangi obyektdan parvoz qilgan birinchi samolyot boʻldi.

Aeroport rasman 2015-yil 2-iyul kuni Podshoh Salmon ibn Abdulaziz as-Saud tomonidan ochilgan. Mazkur aeroport loyihasi 2015-yil 10-sentyabrda boʻlib oʻtgan Engineering News-Record jurnalining 3-yillik Global eng yaxshi loyihalar tanlovida dunyoning eng yaxshi loyihasi deb eʼtirof etilgan. Aeroport Saudiya Arabistoni asoschisi Podshoh Abdulazizning oʻgʻli Shahzoda Muhammad bin Abdulaziz al-Saud sharafiga nomlangan.

Aviakompaniyalar va yoʻnalishlar

Statistikasi Yillar Yoʻlovchilar soni Parvozlar soni 2011 3 547 508 32 935 2012 4 588 158 36 499 2013 4 669 181 40 000 2014 5 703 349 48 549 2015 5 831 163 49 031 2016 6 572 787 54 451 2017 7 805 295 58 045 2018 8 144 790 60 665 Source: TAV Investor Relations

Baxtsiz hodisalar va falokatlar 2001-yil 16-mart kuni aeroportda Rossiyaning Vnukovo Airlines aviakompaniyasining Tupolev Tu-154 samolyoti oʻgʻirlab ketilishi fojiali yakun topdi. Istanbuldan Moskvaga yoʻl olgan samolyotda 162 yoʻlovchi boʻlgan. Oʻgʻirlaganlar, taxminan, chechen separatistlari boʻlib, samolyotni Madina aeroportiga qoʻndirgan va Afgʻonistonga uchish uchun qoʻshimcha yoqilgʻi talab qilgan. 18 soat davomida muzokaralar olib borilmaganidan soʻng, Saudiya xavfsizlik kuchlari samolyotga hujum uyushtirib, oʻgʻirlikka barham bergan. Hodisa natijasida uch kishi – oʻgʻirlaganlardan biri, bir turk yoʻlovchi va bir rus styuardessasi halok boʻlgan. 2014-yil 5-yanvar kuni SV2841 reysi bilan Mashhaddan uchib kelayotgan Saudia aviakompaniyasining Boeing 767-300 samolyoti asosiy shassilardan biri ochilmay qolganligi sababli favqulodda qoʻnishga majbur boʻldi. Samolyotda jami 315 yoʻlovchi boʻlgan. Qoʻnish chogʻida havo kemasi old qismi yuqoriga koʻtarilgan holatda toʻxtagan, evakuatsiya vaqtida 29 kishi jarohat olgan, ulardan 11 nafari kasalxonaga yetkazilgan, qolganlar esa aeroportdagi tibbiyot markazida davolangan.

Yana qarang Saudiya Arabistoni aeroportlari roʻyxati

Manbalar

Havolalar Rasmiy veb-sayti

Turkum:1974-yilda tashkil etilgan aeroportlar Turkum:Saudiya Arabistoni aeroportlari Turkum:Madina