Anastasia Pagonis (; 2004-yil 1-mayda tugʻilgan) – amerikalik para suzuvchi. 2020-yilgi Yozgi Paralimpiya oʻyinlarida AQSh terma jamoasi nomidan ishtirok etgan. Ushbu sport turi boʻyicha jahon rekordi va Amerika rekordi sohibasi.

Karyerasi Pagonis xalqaro maydondagi debyutini 2020-yil fevral oyida Avstraliyaning Melburn shahrida boʻlib oʻtgan WPS (World Para Swimming) Jahon seriyasi musobaqasida amalga oshirdi. Ushbu musobaqada 400 metrga erkin usulda suzish bahslarida oltin medal, 200 metrga kompleks suzish boʻyicha esa bronza medalni qoʻlga kiritdi. Shuningdek, 50 metrga erkin usulda suzish bahslarida sakkizinchi, 100 metrga erkin usulda esa toʻrtinchi oʻrinni egalladi.

AQSh Paralimpiya saralash musobaqalarida esa Pagonis 400 metrga erkin usulda suzish boʻyicha S11 toifasida ikki marta, jumladan, birinchi marta saralash bosqichida, ikkinchi marta esa finalda jahon rekordini yangiladi. Ushbu rekordlar 2020-yilgi Yozgi Paralimpiya oʻyinlari boshlanishidan oldin hali tasdiqlanmagan edi. 2021-yil iyun oyida Pagonisning 2020-yilgi Tokioda oʻtkaziladigan Yozgi Paralimpiya oʻyinlarida para suzish boʻyicha AQSh jamoasi tarkibida ishtirok etishi rasman eʼlon qilindi.

Atigi 17 yoshida Pagonis 2020-yilgi Yozgi Paralimpiya oʻyinlarida ayollar oʻrtasida 400 metrga erkin uslubda suzish bahslarida S11 toifasida AQSh sharafini himoya qildi. U saralash bosqichida 4:58.40 natija bilan S11 toifasida jahon rekordini oʻrnatdi. Finalda esa yana rekordni yangilab, 4:54.49 natijani qayd etdi va oltin medalni qoʻlga kiritdi. Bu uning Paralimpiya oʻyinlaridagi ilk medali, shu bilan birga AQSh delegatsiyasi uchun Paralimpiadadagi birinchi oltin medal edi. Shuningdek, sportchi ayollar oʻrtasida SM11 toifada 200 metrga kompleks suzish musobaqasida ham ishtirok etib, 2:45.61 natijani qayd etdi va Amerika rekordini oʻrnatgan holda bronza medalini qoʻlga kiritdi.

2022-yil 14-aprel kuni Pagonis AQSh nomidan 2022-yilgi para suzish boʻyicha Jahon chempionatida ishtirok etuvchi jamoa tarkibiga kiritildi. U Jahon chempionatidagi debyutini 2022-yil 15-iyun kuni amalga oshirib, SM11 toifasida 200 metrga kompleks suzish bahslarida 2:49.73 natija bilan oltin medalni qoʻlga kiritdi.

2023-yil iyun oyida Pagonis yelkasidan operatsiyani boshdan kechirdi, biroq 2023-yil dekabrida yana mashgʻulotlarga qaytdi va 2024-yilgi Yozgi Paralimpiya oʻyinlariga tayyorgarlikni boshladi (alternate link, alternate link 2).

Shaxsiy hayoti Pagonisga autoimmun retinopatiya tashxisi qoʻyilgan, bu kasallik uning koʻrish qobiliyatining tezda yomonlashishiga olib kelgan. 11 yoshida koʻrish qobiliyatida muammolarni sezgan va 14 yoshga kelib, butunlay koʻr boʻlib qolgan. Uning Radar ismli yoʻlboshchi iti boʻlib, Pagonis bu it uning hayotini butunlay oʻzgartirganini va koʻrish qobiliyatini yoʻqotishi tufayli yuzaga kelgan depressiyadan chiqishda katta yordam berganini aytgan. Pagonis TikTok va Instagram platformalariga koʻrlik haqida maʼlumot beruvchi va odamlarga yordam beruvchi videolar joylab boradi. Uning oilasi asli Gretsiyadan boʻlgan.

Manbalar

Turkum:21-asr amerikalik sportchi ayollar Turkum:Suzuvchilar 2020-yilgi Yozgi Paralimpiada oʻyinlarida Turkum:Yashayotgan insonlar Turkum:2004-yilda tugʻilganlar