Naomi Elaine Campbell (1970-yil 22-mayda tugʻilgan) – britaniyalik model. 8 yoshida faoliyatini boshlagan, oʻz avlodining eng mashhur olti modelidan biri boʻlib, moda industriyasi va xalqaro matbuot vakillari tomonidan supermodel deb eʼlon qilingan. Model sifatida Time va Vogue France jurnallari muqovasida namoyon boʻlgan ilk qora tanli ayol.

Model sifatidagi faoliyatidan tashqari Campbell boshqa yoʻnalishlarda ham faoliyat olib borgan. U oʻzining „an R&B“ nomli studiya albomini chiqargan, bir nechta film hamda televideniye loyihalarida aktrisa sifatida ishtirok etgan. Campbell „The Face“ deb nomlanuvchi modellar tanloviga oid realiti-shouni hamda uning boshqa mamlakatlarda oʻtkaziladigan xalqaro shoularini olib borgan. Campbell turli ijtimoiy loyihalarda xayriya ishlari bilan ham shugʻullangan. Biroq 2024-yil sentyabr oyida xayriya ishlari boʻyicha oʻtkazilgan tekshiruv natijasida aniqlangan qoidabuzarliklarda aybdor deb topilgan va Buyuk Britaniyada 5 yil davomida xayriya tashkilotlarida ishonchli shaxs sifatida faoliyat olib borishdan chetlashtirilgan. Tekshiruvlar shuni koʻrsatdiki, uning xayriya jamgʻarmasi tushgan mablagʻning atigi 8,5 foizini xayriya grantlariga sarflagan, qolgan qismi esa Campbellning besh yulduzli mehmonxonada qolishi, spa muolajalari, xonaga xizmat koʻrsatish, qoʻriqlash va hatto sigaretalar uchun ruxsatsiz toʻlangan toʻlovlarga sarf qilingan.

Yoshlik yillari Naomi Elaine Campbell 1970-yil 22-mayda Londonning Lambeth tumanida tugʻilgan. Onasi yamaykalik raqqosa Valerie Morris. Onasining xohishiga koʻra, Campbell hech qachon otasi bilan uchrashmagan, chunki otasi onasini 4 oylik homiladorligida tashlab ketgan va uning ismi tugʻilganlik guvohnomasida koʻrsatilmagan. Shundan soʻng Naomi onasining ikkinchi turmush oʻrtogʻining familiyasini olgan. 1985-yilda uning oʻgay ukasi Pierre tugʻilgan. Campbell qora tanli yamaykalik va xitoy-yamaykaliklar naslidan boʻlgan, ona tomondan buvisi uning xitoylik ajdodi hisoblanib, uning familiyasi Ming boʻlgan.

Campbell bolalik yillarini Italiyaning Rim shahrida oʻtkazgan, onasi u yerda raqqosa boʻlib ishlagan. Ular Londonga qaytgach, onasi „Fantastica“ raqs truppasi bilan butun Yevropa boʻylab safarlarda boʻlgan, Campbell esa bu vaqtda qarindoshlari bilan yashagan. 3 yoshidan boshlab Campbell Barbara Speake sahna maktabida tahsil ola boshlagan, 10 yoshida esa balet boʻyicha saboq olish uchun Italia Conti teatr sanʼati akademiyasiga qabul qilingan. Shuningdek, Campbell Dunraven maktabida ham tahsil olgan.

Manbalar

Havolalar

Turkum:Yashayotgan insonlar Turkum:Londonlik aktrisalar Turkum:1970-yilda tugʻilganlar Turkum:Qora tanli britaniyalik aktrisalar Turkum:Londonlik modellar Turkum:Qora tanli britaniyaliklar modada