RepRap Snappy – RepRap loyihasining bir qismi boʻlgan, ochiq manbali va qatlamli eritish usulida ishlaydigan 3D printer. U dunyodagi eng yuqori darajada oʻz-oʻzini nusxalay oladigan 3D printer hisoblanadi.

Ushbu printer RepRap loyihasining asosiy gʻoyasi boʻlgan „umumiy maqsadli va oʻzini-oʻzi koʻpaytiradigan ishlab chiqarish mashinasi“ni yaratish maqsadida ishlab chiqilgan. RepRap Snappy oʻz qismlarining 73 foizini oʻzi ishlab chiqara oladi. Buning uchun loyihada 3D printerda chop etib boʻlmaydigan qismlar iloji boricha kamaytirilgan. Masalan, odatda chop etib boʻlmaydigan tasmalar va podshipniklar oʻrniga maxsus tishli mexanizmlar qoʻllanilgan. „Snappy“ (shirqillovchi) nomi printer qismlarining bir-biriga shirqillab tushuvchi ulagichlar orqali biriktirilishi sababli berilgan. Bu usul yordamida kichik qismlarni birlashtirib, katta boʻlaklarni yasash mumkin. Bu esa, birinchidan, chetdan olinadigan (chop etilmaydigan) qismlarga ehtiyojni kamaytirsa, ikkinchidan, qismlarni chop etish uchun katta hajmli printer shart emasligini anglatadi. Printerning oʻzi nusxalay olmaydigan qismlari faqat motorlar, elektronika, shisha platforma va bittagina podshipnikdir. Printer oʻzi uchun kerakli barcha plastik qismlarni chop etishi uchun taxminan 150 soat vaqt sarflaydi. Oʻzining noyob dizayni va gʻoyasi sababli RepRap Snappy „Uplift Prize Grand Personal Manufacturing“ mukofotida faxriy yorliq bilan taqdirlangan.

Manbalar

Havolalar RepRap Snappy page on RepRap.org RepRap Snappy repository on Github

Turkum:Ochiq apparatli elektron qurilmalar Turkum:3D printerlar