Yerosti hammomi (ozarbayjoncha: Yeraltı hamam) — Bokuning Icheri-sheher qismida, qal’a darvozalari yaqinidagi Boyuk Gala ko‘chasida joylashgan qadimiy hammom.
Tavsifi
Hammom xonalari yer sathidan pastda joylashgan bo‘lib, bu Boku hammomlari uchun xos bo‘lgan xususiyatdir. Bunday tuzilish doimiy harorat rejimini saqlab turishga yordam bergan. Yer yuzasida esa ichkariga yorug‘lik tushishini ta’minlaydigan teshiklari mavjud ikkita gumbaz qad ko‘targan. Hammomning kirish qismi janubiy tomonda joylashgan.
Hammom bir nechta xonalar va sakkiz burchakli ikkita zaldan iborat. Arxeologik tadqiqotlar davomida kirish qismida joylashgan birinchi zal tashrif buyuruvchilar kiyim almashtirishi uchun, ikkinchi zal esa bevosita cho‘milish uchun xizmat qilgan, deb taxmin qilingan.
Qurilish davomida aglay toshining turlaridan biri bo‘lgan gulbah toshidan foydalanilgan. Izolyatsiya (namlik va issiqlikdan himoya) uchun esa loy va ohaktosh asosidagi qorishmadan foydalanilgan.
Tarixi Taxminlarga ko‘ra, hamom XVII asr boshlarida qurilgan. O‘sha davrda shaharga kirish joylarida hammomlar barpo etish keng tarqalgan bo‘lib, bu karvon va sayyohlarning shahar ichkarisiga kirishdan avval yuvinib-poklanishlari uchun xizmat qilgan.
1806-yilda Boku rus qo‘shinlari tomonidan zabt etilgach, hammom hududida harbiy komendantlik idorasi joylashtirildi. Hammomning o‘zi tuproq bilan to‘ldirilib, uning gumbazlari buzib tashlandi.
Qazish va ta’mirlash ishlari 2015-yilda Juft qal’a darvoza (Gosha Gala) atrofida olib borilgan arxeologik qazishmalar davomida hammomning bir qismi tozalandi. Bir nechta xonalarining shifti o‘pirilganini hisobga olmaganda, butun hammom nisbatan yaxshi holatda saqlangan. Biroq qulab tushish xavfi mavjudligi sababli, hammomni o‘rganish ishlari faqat 2016-yilda — devorlar mustahkamlangandan keyingina davom ettirildi.
Qazishmalar davomida chiroqlar, sopol ko‘zalar parchalari, Boku va Shamaxa xonliklari hamda Rossiya imperiyasiga tegishli tangalar, o‘qlar, harbiy kiyim tugmalari va asosan XVIII–XX asrlarga oid boshqa buyumlar topildi. Ular orasida uchta pravoslav piktogrammasi (ikona) tushirilgan bronza qatlama buti ham bor edi. Markaziy ikonada Avliyo Nikolay Chudotvores (Yoqimli Nikolay), qolganlarida esa Bibi Maryam, Grigoriy, Vasiliy, Sergey va boshqa avliyolar tasvirlangan. Ushbu topilmalarning ba’zilari bu yerga hammomni to‘ldirish uchun keltirilgan tuproq bilan birga tushib qolgan bo‘lishi mumkin.
2018–2020-yillarda hammomda konservatsiya va restavratsiya ishlari olib borildi. Ushbu jarayonga Avstriyaning "Atelier Erich Pummer" kompaniyasi rahbarlik qildi.
Manbalar
Turkum:Bokudagi binolar Turkum:Ozarbayjon minoralari Turkum:Ozarbayjondagi Butunjahon merosi roʻyxati Turkum:Bokudagi diqqatga sazovor joylar Turkum:Ozarbayjon hammomlari