Baku Crystal Hall () — Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida joylashgan yopiq arena. U Kaspiy dengizi sohilida, Davlat bayrogʻi maydoni yaqinida joylashgan. Arenaning qurilish ishlari 2011-yil avgustida boshlanib, 2012-yil aprelida — oʻzining birinchi yirik tadbiri, Eurovision qoʻshiq tanlovi 2012ni oʻtkazishga ulgurib yakunlangan.
Tarixi
Baku Crystal Hall 2012-yilgi Eurovision qoʻshiq tanlovini oʻtkazish maqsadida bunyod etilgan. 2011-yil 2-avgustda majmuani qurish boʻyicha „Alpine Bau Deutschland AG“ kompaniyasi bilan asosiy shartnoma imzolandi va tayyorgarlik ishlari boshlandi. Shartnomaning umumiy qiymati e'lon qilinmagan bo'lsa-da, hukumat inshoot qurilishi uchun 6 million AZN ajratgani ma'lum qilingan. 2011-yil 5-sentabrda arena 25 000 tomoshabinni sigʻdira olishi e'lon qilindi. Shuningdek, arenada VIP-lojalari ham mavjud.
Arenaning qurilish ishlari 2012-yil 31-martgacha yakunlanishi kutilgan edi. Biroq noqulay ob-havo sharoiti tufayli qurilish uch haftaga kechikdi va bino 2012-yil 16-aprelda tayyor boʻlgani e'lon qilindi. Baku Crystal Hall 2012-yil 7-may kuni Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va birinchi xonim Mehriban Aliyeva ishtirokida rasman ochildi.
Tuzilishi va imkoniyatlari Majmuaning umumiy maydoni 30,958 m², arenaning ichki maydoni esa 10,964 m² ni tashkil etadi. Inshootning oʻrta qismidagi balandligi 24 metrga teng. Arena 12 000 ta LED yorugʻlik nuqtasi bilan yoritiladi. Arenaning atrofidagi yoʻlak ikki simmetrik qismga boʻlingan boʻlib, har bir tomonda 15 tadan (jami 30 ta) tashqi kirish eshigi mavjud. Yoʻlak boʻylab 10 ta ichimlik shoxobchasi, 18 ta umumiy ovqatlanish joyi, 2 ta birinchi tibbiy yordam punkti va 36 ta hojatxona mavjud. Zal 12 000 ta oʻrindiqqa ega boʻlsa-da, 27 000 nafargacha tomoshabinni sigʻdira oladi.
Bino kristall shakliga ega boʻlib, uning fasadi koʻp sonli LED chiroqlar bilan yoritilgan. LED yoritgichlar turli xil dinamik stsenariylarni yaratish imkonini beradi, bu esa turli tadbirlar uchun mos muhitni ta'minlaydi.
Foydalanilishi
Konsertlar Baku Crystal Hall'ning birinchi yirik tadbiri 2012-yil 22-26-may kunlari boʻlib oʻtgan Eurovision 2012 tanlovi boʻldi. Keyinchalik 2012-yilda bu yerda Jennifer Lopez, Shakira va Rihanna oʻz konsertlarini namoyish etishdi.I. Asadova. JLo, Rihanna and Shakira at Baku Crystal Hall . Echo. 13 June 2012. 2017-yil 22-sentabrda ozarbayjonlik xonanda Aygün Kazımova konsert berdi. 2018-yil 28-aprelda Christina Aguilera oʻzining toʻla zal bilan oʻtgan konsertini berdi.
Sport Baku Crystal Hall 2015-yilda oʻtkazilgan birinchi Yevropa oʻyinlari davomida boks, karate, taekvondo, qilichbozlik va voleybol musobaqalariga mezbonlik qildi. Shuningdek, 2017-yilgi Islom birdamlik oʻyinlari va 2023-yilgi Jahon taekvondo chempionati ham shu yerda boʻlib oʻtdi.
2025-yil 21-iyun kuni arenada Ozarbayjondagi birinchi UFC tadbiri — UFC on ABC: Hill vs. Rountree Jr. boʻlib oʻtdi.
Galereya
Manbalar
Havolalar
Alpine Bau kompaniyasi veb-saytidagi ma'lumotlar
Turkum:Bokudagi diqqatga sazovor joylar Turkum:Bokudagi sport inshootlari Turkum:Ozarbayjonning yopiq arenalari Turkum:2012-yilda qurilgan inshootlar