Oysha Sulton (; 1696-yil 30-aprel – 1752-yil 26-sentyabr), Buyuk Oysha taxallusi bilan ham tanilgan, Usmoniy malika, sulton Mustafo II ning qizi, sulton Mahmud I hamda sulton Usmon III ning ota bir, ona boshqa opasi.
Hayoti Tugʻilishi Oysha Sulton 1696-yil 30-aprel kuni Edirne saroyida yoki Belgradda tugʻilgan. Tugʻilgan paytida otasi Avstriyada safarda boʻlib, haramining bir qismi uni Belgradda kutgan, qolgan qismi esa Edirneda qolgan. Shu bois Oysha Sulton Belgradda yoki Edirneda tugʻilgan.
U sulton Mustafo II ning eng katta farzandi va qizi boʻlgan. Soʻngra uni amakivachchasi – Ahmad III ning qizi Oyshadan ajratish uchun „katta“ maʼnosida Büyük Oysha deb atay boshlashgan.
1703-yilda otasi taxtdan agʻdarilib, oʻrniga uning kichik ukasi Ahmad III oʻtirdi va Oysha opalari bilan birga turmush qurguniga qadar Eski saroyga qamab qoʻyildi.
Nikohlari 1708-yil 8-aprelda Oysha Sulton Fozil Mustafo poshoning oʻgʻli, oʻsha paytda Belgrad hokimi boʻlgan Köprülüzoda Numan poshoga turmushga berildi. Oysha posho bilan 7 yoshida unashtirilgan edi. Uning mahri 20 000 dukat boʻlgan. Toʻy uning opasi Emine Sultonning toʻyi bilan birga oʻtkazilgan. Bir oy oʻtib, sep-sarposi oldindan joʻnatilgach, Oysha ham oʻziga yarasha nihoyatda hashamatli va dabdabali hamrohlar guruhi bilan unga ajratilgan Zeyrek saroyiga yoʻl oldi. Biroq amaldorlar Oysha Sultonni Zeyrekka qadar kuzatmay, faqat bosh vazir saroyigacha borishdi. Shu paytdan boshlab, marosimning yanada amaliy ahamiyatga ega boʻlgan asosiy qismi yaʼni malika va uning sep-sarposidan iborat boʻlgan guruh Zeyrek saroyiga nisbatan sokin va ortiqcha dabdabasiz tarzda olib borildi. Nikoh 1710-yil mart oyida toʻliq amalga oshirilgan.
Numan posho 1710-yilda bosh vazir boʻldi va bir necha oy oʻtib Krit hokimi etib tayinlandi. Numan posho oʻsha yerda 1719-yilda vafot etgan.
Numan poshoning vafotidan soʻng Oysha 1720-yil 6-fevralda Silohdor Tezkireci Ibrohim poshoga turmushga chiqdi. Posho avval sulton Ahmad II ning silohdori boʻlgan. Nikoh 1720-yil 20 avgustda toʻliq amalga oshirilgan. Oysha 1722-yilda yana beva qolgan.
Ibrohim poshoning vafotidan soʻng Oysha 1725-yil 18-avgustda Koca Mustafo poshoga turmushga chiqqan. 1728-yilda Mustafo posho ham vafot etgan.
Ushbu nikohlardan tugʻilgan farzandlar haqida maʼlumotlar mavjud emas.
Uchinchi erining vafotidan keyin Oysha qayta turmushga chiqmaslikka qaror qildi va umrining qolgan qismini Konstantinopoldagi saroyida oʻtkazdi.
Vafoti Oysha Sulton 1752-yil 26-sentyabrda 56 yoshida vafot etdi. Vafotidan keyin otasining yoniga, buvisi Turhon Sultonning Turkiyaning Istanbul shahridagi Eminönü hududida joylashgan Yangi masjiddagi maqbarasiga dafn qilindi. Oysha Sulton vafot etgach, saroyi uning amakivachchasi Kichik Oyshaga berilgan. Ajdodlari
Manbalar
Adabiyotlar
Turkum:1696-yilda tugʻilganlar Turkum:1752-yilda vafot etganlar Turkum:17-asr Usmoniylar imperiyasi malikalari Turkum:18-asr Usmoniylar imperiyasi malikalari