Sabiha Fazile Xonimsulton (1941-yil 8-avgust — 2024-yil 27-sentabr), Fazile Ibrohim nomi bilan ham tanilgan, Misr va Usmoniylar malikasi, Misr shahzodasi Mehmed Ali Ibrohim va malika Zahro Honzoda Sultonning qizi.
Hayoti Misrlik malika Sabiha Fazile Xonimsulton 1941-yil 8-avgust kuni Fransiyaning Neuilly-sur-Seine shahrida tugʻilgan. U Misr shahzodasi Mehmed Ali Ibrohim va Usmoniylar malikasi Zahro Honzoda Sultonning qizi boʻlgan. Honzoda Sulton esa Shahzoda Umar Faruk (xalifa Abdulmajid II ning oʻgʻli) va Rukiya Sabiha Sultonning (sulton Mehmed VI ning qizi) qizi edi. Fazilening Sultonzoda Ahmad Rifat Bey ismli ukasi boʻlgan.
Fazile Askotdagi Hitfild maktabida taʼlim olgan.
1957-yil sentyabr oyida u qarindoshi Shahzoda Mahmud Namik vositachiligida oʻzi unashtirilgan qirol Faysal II bilan uchrashish maqsadida Iroqqa bordi. Ularning unashtiruvi ota-onasi uchun kutilmagan hodisa boʻldi, chunki Fazile nafaqat surgundagi ikki sulola avlodi edi, balki atigi 16 yoshli qiz boʻlib, hanuz maktabda oʻqirdi. Shunday boʻlsa-da ota-onasi baribir ularning nikohiga rozi boʻldi. Biroq 1958-yil 14-iyulda, toʻy sanasidan ikki hafta oldin, qirol Faysal davlat toʻntarishi oqibatida oʻldirildi.
1965-yil 10-aprelda Fazile Suat Hayri Ürgüplüning oʻgʻli Hayri Ürgüplüga turmushga chiqdi. Hayri Ürgüplü 1936-yil 31-mayda tugʻilgan edi. Ularning nikoh marosimi Parijda boʻlib oʻtdi. Er-xotinning Ali Suad Ürgüplü (1967-yil 28-sentyabrda tugʻilgan) va Mehmed Selim Ürgüplü (1968-yil 31-oktyabrda tugʻilgan) ismli ikki oʻgʻli boʻlgan. Biroq juftlik 1980-yil 24-sentyabrda ajrashgan.
Fazile ikkinchi marta 1983-yil 18-iyunda Jean-Alphonse Bernardga turmushga chiqdi va u bilan birga Fransiyada yashadi. Biroq 2015-yilda beva qoldi.
Fazile Xonimsulton 2024-yil 27-sentyabrda 83 yoshida Istanbulda vafot etgan va onasi bilan birga Aşiyan Asri qabristoniga dafn etilgan.
Manbalar
Turkum:1941-yilda tugʻilganlar Turkum:2024-yilda vafot etganlar Turkum:20-asr Usmoniylar imperiyasi malikalari Turkum:20-asr turk ayollari Turkum:Fransiyadagi turk muhojirlari Turkum:Misrdagi turk muhojirlari