Anna Alboth — polyak jurnalist va inson huquqlari himoyachisi. 2016-yil dekabrdan 2017-yil avgustgacha Berlin shahridan Halabgacha piyoda oʻtkazilgan tinchlik yurishi — „Civil March for Aleppo“ tashabbuskori sifatida xalqaro eʼtiborga sazovor boʻlgan va 2018-yilda Nobel tinchlik mukofotiga nomzod qilib koʻrsatilgan.
Koʻp yillar davomida Polshada va xalqaro miqyosda turli inson huquqlari tashabbuslarida faol qatnashib kelgan. Hozirda Ozchilik huquqlari guruhi xalqaro tashkilotida global media boʻyicha mutaxassis sifatida ishlaydi.
2021-yil yozida Alboth Belarus–Polsha chegarasida muhojirlarga yordam beruvchi polyak inson huquqlari tashkilotlari birlashmasi — „Grupa Granica“ tashabbuskorlaridan biri boʻlgan.
Hayoti va faoliyati
Alboth Varshavada maktabda tahsil olgan. 2009-yilda Varshava universitetini tamomlagan. Talabalik davridayoq jurnalist sifatida ishlay boshlagan va „Gazeta Wyborcza“ kundalik gazetasida faoliyat yuritgan. Keyinchalik turli polyak ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilgan.
2009-yilda eri Tomas Alboth bilan birgalikda „The Family Without Borders“ nomli sayohat blogini yoʻlga qoʻygan. Ushbu blog 2011-yilda Polsha National Geographic tomonidan „Yil sayohat blogi“ deb topilgan. Keyinchalik ularning maqolalari National Geographic Polsha va boshqa sayohat jurnallarida chop etilgan, shuningdek 2016-yilda Markaziy Amerika haqida sayohat kitobi ham nashr etilgan.
2015-yildagi Yevropa muhojirlar inqirozi vaqtida Berlinda yashab, blog va ijtimoiy tarmoqlar orqali Polshada uxlash qoplari va kiyim-kechak toʻplab, boshpana kutayotgan muhojirlarga yordam koʻrsatgan.
2016-yil dekabrda „Civil March for Aleppo“ni boshlagan. Ushbu tashabbus tufayli 2018-yilda Nobel tinchlik mukofotiga nomzod sifatida koʻrsatilgan.
2018-yildan buyon xalqaro inson huquqlari tashkilotida global media mutaxassisi sifatida faoliyat yuritadi. 2021-yilda esa „Grupa Granica“ tashabbusining asoschilaridan biri va aʼzosi boʻlgan.
Alboth inson huquqlari, ayniqsa ozchiliklar va migratsiya mavzularida oʻnlab maqolalar yozgan. Uning ishlari „Guardian“, „Gazeta.pl“ hafta soni nashri, „Pismo“ jurnali va boshqa nashrlarda chop etilgan. „Double Voices“ nomli maxsus turkumni ham yuritadi, unda mahalliy jurnalistlar bilan hamkorlikda maqolalar tayyorlaydi.
U turli media mukofotlariga sazovor boʻlgan. 2024-yil iyun oyida Ukraina loʻlilari haqidagi reportaji uchun Yevropa Kengashining jurnalistika mukofotini olgan. 2024-yil oktabrda Sharqiy Yevropadagi umid mukofoti bilan taqdirlangan va Polsha–Germaniya hamkorligi jamgʻarmasidan grant olgan.
Soʻnggi yillarda migratsiya va ozchilik huquqlari boʻyicha xalqaro maslahat va innovatsion tarmoqlarda ham faol ishtirok etmoqda. 2024-yildan boshlab „Hello Europe Accelerator“ dasturi aʼzosi boʻlgan. Shu yili AQSh Kongressi tashabbusi bilan tashkil etilgan „Open World“ dasturi doirasida Vashington va Arizona shtatlariga tashrif buyurgan.
2023-yildan Polsha va Ukrainadagi loʻlilar jamoalari manfaatlarini himoya qiluvchi „Fundacja w Stronę Dialogu“da maslahatchi sifatida ishlamoqda. Shuningdek, migratsiya va integratsiya bilan shugʻullanuvchi Yevropa tarmogʻi — „A World of Neighbours“ maslahat kengashi aʼzosi hamdir.
Jurnalistika orqali advokatsiya faoliyatini ham davom ettirib, Belarus–Polsha chegarasidagi gumanitar vaziyat boʻyicha 40 dan ortiq siyosiy brifing va 20 dan ortiq matbuot anjumani tashkil etgan.
Alboth oilasi bilan Berlinda yashaydi.
Manbalar
Turkum:Yashayotgan insonlar Turkum:Polshalik ayol aktivistlar Turkum:XXI asr polshalik ayol jurnalistlar Turkum:XX asr polshalik ayol jurnalistlar