Dhora Leka (Korçe, 23-fevral 1923 — Tirana, 27-dekabr 2006). — albaniyalik bastakor va siyosiy mahbus boʻlgan.
Hayoti 1942-yilda Dhora Leka Tiranadagi Ayollar uchun „Nëna Mbretëreshë“ pedagogika institutini tamomlagan. Oʻqishni tugatgach, unga Korçe yaqinidagi Plase qishlogʻidagi maktabda oʻqituvchilik ishi berildi, biroq u bu ishni tashlab, Albaniya qarshilik harakatiga qoʻshildi. 1942-yilda u Albaniya Kommunistik partiyasiga aʼzo boʻladi. Oʻsha davrda u partizan qoʻshiqlarini bastalashga kirishgan. Ikkinchi jahon urushi yillarida albaniyalik partizanlar kuylagan qoʻshiqlarning aksariyati Dhora Leka asarlari boʻlib, ular orasida „Kushtrimi“ („Chaqiriq“), „Rini-Rini“ („Yoshlar-yoshlar“) va „1-diviziya marshi“ bor edi. Oʻsha paytda u Milliy ozodlik armiyasida kapitan unvoniga koʻtariladi.
1948-yilda Dhora Leka Moskva davlat Chaykovskiy konservatoriyasida kompozitsiya boʻyicha oʻqishga qabul qilingan. Tahsil olayotganida u bastalagan Simfonik orkestr uchun xalq motivlari asosidagi uvertüra ilk bor Moskva radio orkestri tomonidan ijro etiladi, „Albaniya — mening Vatanim“ kantatasi esa mamlakatning bosqinchilikdan ozod qilinganligining 10 yilligi munosabati bilan Tiranada ijro etilgan. Oʻqishni tugatgach, u Tiranadagi „Jordan Misja“ badiiy litseyida professor etib tayinlanadi va Albaniya yozuvchilar va sanʼatkorlar ligasi kotibi etib saylangan. Dhora Leka qisqa muddat bastakor Çesk Zadeja bilan oila qurib yashagan.
1956-yilda u post-stalinizm davridagi Sovet Ittifoqi tarafdorlari sifatida koʻrilgan shaxslarga qarshi tozalashlar chogʻida partiyadan va Albaniya yozuvchilar va sanʼatkorlar ligasidan chiqarildi hamda 25 yil qamoq jazosiga hukm qilindi. 1963-yilda qamoqdan ozod qilindi, ammo keyinchalik Berat, Lushnje va Fier hududlarida surgunda saqlandi. 1991-yilda u Tiranaga kelib joylashdi.
1992-yil noyabr oyida unga Xalq artisti unvoni berildi. 1996-yil fevral oyida u Albaniyada ijodkorlar, musiqachilar va isteʼdodli yoshlarni qoʻllab-quvvatlashni maqsad qilgan „Dhora Leka jamgʻarmasi“ni tashkil etdi. 1998-yilda u sheʼrlar toʻplamini — (Qiyinchilikdagi qoʻshiqlar)ni nashr qildi.
Manbalar
Adabiyotlar
Turkum:Albaniyalik ayol bastakorlar Turkum:1923-yilda tugʻilganlar Turkum:2006-yilda vafot etganlar