2026-yilgi Yozgi Osiyo oʻyinlari (), rasman XX Osiyo oʻyinlari va Aichi–Nagoya 2026 nomlari bilan tanilgan, 2026-yil 19-sentyabrdan 4-oktyabrgacha Yaponiyaning Aichi prefekturasi va uning maʼmuriy markazi Nagoya shahrida oʻtkazilishi rejalashtirilgan xalqaro koʻp sport turlari boʻyicha musobaqadir.
Oʻyinlarda Osiyo Olimpiya Kengashiga aʼzo 45 ta Milliy olimpiya qoʻmitasidan sportchilar va rasmiy delegatsiya vakillari qatnashishi kutilmoqda. Musobaqalar dasturiga 43 ta sport turi, 70 ta sport yoʻnalishi va 468 ta medal musobaqasi kiritilgan.
Nagoya Yaponiyaning Osiyo oʻyinlariga mezbonlik qilgan uchinchi shahri boʻladi. Avvalroq Tokio 1958-yilgi, Hiroshima esa 1994-yilgi Osiyo oʻyinlariga mezbonlik qilgan. Oʻyinlar COVID-19 pandemiyasi sababli 2023-yilga koʻchirilgan Xanchjou 2022 musobaqasidan keyin Osiyo oʻyinlarining odatiy toʻrt yillik davrga qaytishini anglatadi.
Dastlab Osiyo Olimpiya Kengashi mezbonni 2018-yilda tanlashni rejalashtirgan edi. Biroq Osiyoda Qishki Olimpiada oʻyinlari, FIFA Jahon chempionati va 2020-yilgi Yozgi Olimpiada oʻyinlari kabi yirik sport musobaqalari ketma-ket oʻtkazilishi sababli mezbonni tanlash jarayoni oldinroqqa koʻchirildi.
Aichi prefekturasi va Nagoya shahri oʻrtasida musobaqa xarajatlarini taqsimlash boʻyicha kelishmovchiliklar yuzaga kelganiga qaramay, tomonlar qoʻshma ariza topshirish boʻyicha kelishuvga erishdi. Boshqa rasmiy nomzodlar boʻlmagani sababli Aichi–Nagoya arizasi bir ovozdan tasdiqlandi. Manbalar
Turkum:2026-yilgi Yozgi Osiyo oʻyinlari