Oʻzbekiston texnologik metallar kombinati (TMK) — Oʻzbekistonda kritik minerallar va texnologik metallar boʻyicha faoliyat yuritadi. 2024-yilda tashkil etilgan. Bosh ofisi Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida joylashgan.

Aksiyadorlari

TMK aksiyalarining 60,2 foizi Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasiga, 39,8 foizi esa „Olmaliq kon-metallurgiya kombinati“ AJga tegishli.

Faoliyati

Geologik qidiruv, foydali qazilmalarni qazib olish, boyitish, qayta ishlash hamda metallurgiya bilan bogʻliq sanoat loyihalarini amalga oshiradi.

Kombinat volfram, molibden, grafit, litiy, reniy va nodir yer elementlari yoʻnalishlarda geologik qidiruv, xomashyoni qayta ishlash va sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishga oid loyihalarni amalga oshiradi.

Ishlab chiqarish koʻrsatkichlari

2025-yil

2025-yilda umumiy sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 804,1 mlrd soʻmni tashkil etdi. Reja 100,4 foizga bajarildi, oʻsish sur’ati 2024-yilga nisbatan 141,5 foizni tashkil etdi.

Mahsulotlar boʻyicha 952,0 tonna molibden ishlab chiqarildi. Bu belgilangan rejaga nisbatan 114,7 foizni, oʻsish sur’ati esa 122,2 foizni tashkil etdi.

Shuningdek, 53,4 tonna volfram ishlab chiqarildi. Mazkur koʻrsatkich belgilangan rejaga nisbatan 140,5 foizni tashkil etdi.

2026-yil I yarim yillik

2026-yilning birinchi yarim yilligida umumiy sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 695,6 mlrd soʻmni tashkil etdi. Reja 153,2 foizga bajarildi, oʻsish sur’ati 2024-yilga nisbatan 2,2 barobarni tashkil etdi.

Mazkur davrda 457,0 tonna molibden ishlab chiqarildi. Bu belgilangan rejaga nisbatan 120,8 foizni, oʻsish sur’ati esa 100,2 foizni tashkil etdi.

Shuningdek, 96,9 tonna volfram ishlab chiqarildi. Mazkur koʻrsatkich belgilangan rejaga nisbatan 148,1 foizni, oʻsish sur’ati esa 4,5 barobarni tashkil etdi.

Asosiy loyihalari

Volfram sanoat klasteri

Volfram sanoat klasteri volfram xomashyosini qazib olish, qayta ishlash va volfram mahsulotlarini ishlab chiqarishni qamrab olgan loyihalar majmuasi.

Loyiha doirasida volfram konsentrati, volfram angidridi va metall volfram ishlab chiqarish quvvatlari yaratiladi hamda kengaytiriladi.

Molibden xomashyosini chuqur qayta ishlash klasteri

Mazkur loyiha molibden tarkibli xomashyoni qayta ishlash hamda molibden asosidagi sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishga moʻljallangan loyihalarni oʻz ichiga oladi.

Loyiha doirasida yiliga 5 000 tonna molibden tarkibli xomashyoni qayta ishlash, 2 500 tonna molibden uch oksidi (MoO₃) hamda keyingi bosqichda yiliga 1 600 tonna molibden kukuni ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Mazkur mahsulotlar metallurgiya va boshqa sanoat tarmoqlarida xomashyo sifatida qoʻllaniladi.

Kelajak metallari texnoparki

Kelajak metallari texnoparki — TMK tarkibidagi sanoat va innovatsion ishlab chiqarish majmuasi. Joylashuvi Toshkent viloyatining Chirchiq va Ohangaron hududlari hamda Samarqand viloyatining Nurobod tumani. Loyiha qiymati 841 million AQSH dollarini tashkil etadi va 50 dan ortiq investitsiya loyihasini oʻz ichiga oladi.

Texnopark kritik va nodir metallarni chuqur qayta ishlash, ilmiy tadqiqotlarni ishlab chiqarish bilan integratsiyalash hamda tayyor sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.

Toshkent xalqaro investitsiya forumi (2025-yil)dagi nutqida Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent va Samarqand viloyatlarida Kelajak metallari texnoparklari tashkil etilayotganini maʼlum qilgan.

R&D Park

R&D Park TMKning ilmiy-tadqiqot va texnologiyalarni rivojlantirish markazi. Joylashuvi Toshkent viloyatining Chirchiq shahri. Markaz laboratoriya tadqiqotlari, texnologik sinovlar hamda ilmiy ishlanmalarni sanoatda qoʻllash va tijoratlashtirish yoʻnalishlarida faoliyat yuritadi.

R&D Park tarkibida Markaziy nano-tahlil laboratoriyasi, Texnologik sinov markazi hamda Innovatsion loyihalarni tijoratlashtirish markazi bor. Unda materiallarning fizik-kimyoviy xususiyatlarini tahlil qilish, rudalar va konsentratlarni laboratoriya hamda tajriba-sanoat sharoitida sinovdan oʻtkazish, shuningdek ilmiy ishlanmalarni sanoat amaliyotiga joriy etish boʻyicha ishlar olib boriladi.

Miskon loyihasi

Miskon loyihasi Toshkent viloyatining Piskent tumanida amalga oshirilayotgan kon-metallurgiya loyihasi. Loyiha molibden, reniy hamda boshqa kritik minerallarni geologik oʻrganish, qazib olish va qayta ishlashni qamrab oladi.

Shuningdek, loyiha oltin, kumush va mis zaxiralarini oʻzlashtirishni ham nazarda tutadi.

Miskon mineral xomashyoni qayta ishlash va tayyor sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish yoʻnalishidagi loyiha.

Xalqaro hamkorlik

TMK kritik minerallar va texnologik metallar sohasida xorijiy kompaniyalar, ilmiy muassasalar hamda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi.

Hamkorlikning asosiy yoʻnalishlari geologik qidiruv, mineral resurslarni qayta ishlash, texnologiyalar transferi, ilmiy tadqiqotlar, investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda mutaxassislar tayyorlashni qamrab oladi.

Manbalar

Turkum:Oʻzbekiston metallurgiya korxonalari Turkum:2024-yilda tashkil etilgan tashkilotlar