Qudoma ibn Mazʼun (; ), shuningdek, Abu Amr al-Jumahiy al-Qurayshiy nomi bilan ham tanilgan, Ppaygʻambar Muhammad bilan bir necha janglarda qatnashgan sahoba. Islomni birinchilardan boʻlib qabul qilgan. Xalifa Umar davrida Bahrayn hokimi boʻlib xizmat qilgan.

Tarjimai holi Abu Amr Qudoma ibn Mazʼun ibn Habib ibn Vahb ibn Huzofa ibn Juma al-Qurashiy islomni birinchilardan boʻlib qabul qilgan sahobalardan edi. U baland boʻyli va qoramtir tanli kishi deb tasvirlangan. Qudoma sahobalar Usmon, Abdulloh, Umarning rafiqasi Zaynab bint Mazʼunning akasi, shuningdek, Abdulloh ibn Umar ibn al-Xattob va Hafsa bint Umarning togʻasi boʻlgan. Uning onasi Gʻoziya bint al-Huvayris ibn al-Anbas ibn Vahbon ibn Vahb ibn Huzofa ibn Jumah edi.

Qudoma akalari Usmon va Abdulloh bilan birga hozirgi Efiopiya va Eritreya hududlariga toʻgʻri keladigan Habashistonga hijrat qilgan. Keyinchalik Qudoma qaytib kelgan va hijratdan soʻng Madinaga koʻchib oʻtgan. U paygʻambar Muhammad bilan birga Badr, Uhud va boshqa janglarda qatnashgan. Umar ibn al-Xattob xalifaligi davrida Qudoma Bahrayn hokimi etib tayinlangan.

Farzandlari Umar va Fotima — onasi Hind bint Volid ibn Utba ibn Robiʼa; Oysha — onasi Fotima bint Abu Sufyon bint al-Xuzoiyya; Hafsa — onasi choʻri ayol; Ramla — onasi Safiya bint al-Xattob ibn Nufayl al-Adaviyya.

Lavozimdan olinishi va jazolanishi „Al-Musannaf“da keltirilgan sahih hadisda qayd etilishicha, Qudoma ibn Mazʼun xalifa Umar davrida Bahrayn hokimi boʻlib xizmat qilayotgan paytda Abdulqays qabilasi boshligʻi al-Jorud tomonidan mast qiluvchi ichimlik ichganlikda ayblangan. Al-Jorud va Abu Hurayra Qudomani mast holatda koʻrganliklariga guvohlik bergan, biroq ular Qudomaning bevosita ichimlik ichganini koʻrmagan. Shuningdek, Qudomaning rafiqasi Hind bint al-Volid ham guvohlik berish uchun chaqirilgan va u ham bu ayblovni tasdiqlagan.

Shundan soʻng Qudoma Umarning huzuriga chaqirtirilgan. U esa qilmishini Qurʼon Moida surasi, 93-oyati bilan izohlab, oʻzini oqlashga harakat qilgan. Ushbu oyatga tayanib, Qudoma moʻminlar yegan ovqati uchun javobgar boʻlmaydi deya taʼkidlagan. Biroq xalifa Umar bu talqinni rad etib, Qudomaning oyatni notoʻgʻri tushunganini, haqiqiy taqvo Alloh harom qilgan narsalardan tiyilishdan iborat ekanini aytgan va unga bu qilmishi uchun jazolanishi kerakligini maʼlum qilgan.

Oʻsha vaqtda Qudoma kasal boʻlgan, shu sababli Umar uni jazolash borasida jamoatchilik fikrini soʻragan. Ular esa Qudomaning kasal holida jazolanmasligi kerakligini aytishgan. U bir necha kun kutgan va yana sahobalardan maslahat soʻragan. Ular: „Bizningcha, bunday uni zaif holida darra bilan urmasligingiz kerak“, — deyishgan. Biroq Umar bunga rozi boʻlmagan va Qudomani darra bilan urishga qaror berib, shunday degan: „Uning darra bilan jazolangan holda Alloh huzuriga borishi men uchun bu jazoni qoʻllamay, uning mas’uliyatini zimmamda qoldirgan holda Alloh huzuriga borishimdan koʻra yaxshiroqdir. Menga munosib darra olib kelinglar“.

Keyinchalik Umar Qudomani darra bilan jazolashni buyurgan va mastlik uchun belgilangan jazo ijro ettirilgan. Shuningdek, Umar uni Bahrayn hokimi lavozimidan ham ozod qilgan. Jazodan soʻng Qudoma va Umarning munosabatlari sovuqlashgan. Shunga qaramay, Umar va Qudoma bir-biri bilan gaplashmay yurgan holda haj ibodatini ado etish uchun birga yoʻl olgan. Hajdan qaytgach, ular al-Suqyo nomli suv ichiladigan manzilda toʻxtashgan. Umar uxlab qolgan va bir tush koʻrgan. Uygʻonganidan soʻng: „Qudamani tezda oldimga olib kelinglar. Allohga qasamki, tushimda yonimga bir kishi kelib: „Qudoma bilan yarash, chunki u sening birodaring“, — deganini koʻrdim“. Shundan soʻng Umar Qud0ma bilan yarashishga harakat qilgan va uni kechirgan, ular oʻrtasidagi avvalgi munosabat tiklangan.

Ayyub as-Saxtiyoniy Badr jangida qatnashganlar orasida mast qiluvchi ichimlik isteʼmol qilgani uchun Qudomadan boshqa hech kim jazolanmaganini daʼvo qilgan. Biroq tarixchi Zahabiy ushbu maʼlumotni rad etib, Nuaymon ibn Amr Najjoriy ham mast qiluvchi ichimlik ichgani uchun jazolanganini taʼkidlagan.

Vafoti Qudoma ibn Mazʼun hijriy 36-yilda 68 yoshida vafot etgan.

Manbalar

Turkum:Quraysh Turkum:Sahobalar Turkum:Muhojirun Turkum:Badr jangida qatnashgan sahobalar Turkum:Uhud jangida qatnashgan sahobalar Turkum:588-yilda tugʻilganlar Turkum:656-yilda vafot etganlar