Suhayl ibn Amr (), asosan, Abu Yazid nomi bilan ham mashhur boʻlgan, islom paygʻambari Muhammadning zamondoshi, Makkadagi Quraysh qabilasining nufuzli yetakchilaridan biri. Zukko va notiq kishi boʻlgan Suhayl oʻzi mansub boʻlgan qabila xatibi (notiqi) sifatida tanilgan. Uning fikri qabila vakillari orasida katta ahamiyat kasb etgan. 628-yilda Quraysh qabilasi nomidan paygʻambar Muhammad bilan mashhur Hudaybiya sulhini tuzishda vositachilik qilgan.

Oilasi U Amir ibn Luayy urugʻiga mansub Amr ibn Abdushams hamda Umayya urugʻiga mansub Uzzo bint Sufyonning oʻgʻli boʻlgan. Ota-onasi mansub boʻlgan har ikkala urugʻ ham Quraysh qabilasi tarkibiga kirgan. Suhaylning toʻrt nafar ota bir, ona boshqa aka-ukasi bor edi: Sakron ibn Amr — onasi Hiya bint Qays al-Xuzaiyya, Savda binti Zamʼaning birinchi eri va Abdurahmonning otasi. Hatib — onasi Asmo bint al-Horis ibn Navfal, Rayta bint Alqamaning eri va Amrning otasi. Sahl — onasi Asmo bint al-Horis ibn Navfal, Safiya bint Amr ibn Abdulvudning eri va Amirning otasi. Sulayt — onasi Xavla bint Amr ibn al-Horis, Fotima bint Alqamaning eri va Salitning otasi.

Suhayl boʻyi baland, terisining rangi oq-sariqdan kelgan, chiroyli va koʻrkam qiyofali kishi sifatida tasvirlanadi. Biroq uning pastki labi yoriq boʻlgan.

Suhayl 3 marta uylangan. Uning farzandlari: Fotima bint Abduluzzoning ham uch qizi boʻlgan: Hind bint Suhayl Hasan ibn Aliga turmushga chiqqan va Yaʼqub hamda Abdurahmon ismli farzand koʻrgan; Ummu Kulsum Abu Sabra ibn Abu Ruhmga turmushga chiqqan va Saʼd, Sabra, Abdulloh hamda Muhammad ismli farzandlarini dunyoga keltirgan; Sahla bint Suhayl Abu Huzayfa ibn Utbaga turmushga chiqqan va Muhammad ibn Abu Huzayfani dunyoga keltirgan. Faxita bint Amir ibn Navfalning ikki oʻgʻli boʻlgan: Abdulloh ibn Suhayl Laylo bint Abdullohga uylangan va Umar ibn Abdulloh hamda Ubaydulloh ismli oʻgʻil farzandlari boʻlgan; Al-Os (keyinchalik Abu Jandal nomi bilan tanilgan) Safiya bint Abduluzzoga uylangan va Jandal hamda Abdulloh ismli farzandlar koʻrgan. Al-Hunfa bint Abu Jahlning bir oʻgʻli boʻlgan: Yazid Ruqayya bint Abdulloh ibn Abu Qaysga uylangan va Abu al-Hasan hamda Ummu al-Hasan ismli farzandlar koʻrgan.

Ilk islom davri Suhayl islom dini paydo boʻlgan ilk davrlarda Makkadagi oqsoqollardan biri boʻlgan. U Makkaga haj ziyorati uchun kelgan hojilarni oziq-ovqat bilan taʼminlash vazifasi yuklatilgan kishilar qatorida boʻlgan.

U 620-yilda Toifdan qaytgan paygʻambar Muhammadni himoya qilishdan bosh tortgan Makka rahbarlari qatorida boʻlgan. Suhayl oʻshanda: „Amir ibn Lu’ayy Kaʼb urugʻlariga qarshi himoya bermaydi“, — degan soʻzlarni aytganMuhammad ibn Ishaq. Sirat Rasul Allah. Translated by Guillaume, A. (1955). The Life of Muhammad. Oxford: Oxford University Press.. Bu yerda nazarda tutilgan Kaʼb urugʻlari Quraysh qabilasining asosiy qismini tashkil etgan.

622-yilda Quraysh qabilasi Madinadan kelgan ayrim ziyoratchilar Aqabada Muhammad paygʻambar bilan uchrashgani va unga Qurayshga qarshi kurashishda yordam berishga qasamyod qilganidan xabar topgan. Shundan soʻng Suhayl va yana bir necha kishi madinaliklarning ortidan quvib, ularning yetakchilaridan biri Saʼd ibn Ubodani qoʻlga olgan. Ular Saʼdning qoʻllarini oʻzining kamari bilan boʻyniga bogʻlagan va sochidan tortib, uni yoʻl boʻyi kaltaklab Makkaga olib ketgan. Saʼd Suhayl unga yaxshi munosabatda boʻladi, deb umid qilgan, Suhayl esa uning yuziga qattiq zarba bergan. Shundan keyin Saʼd kishilarni yordamga chaqirganida Quraysh vakillari uning Makkada ham ittifoqchilari borligini anglab yetgan va uni qoʻyib yuborgan.

624-yilda Suhayl oʻgʻli Abdulloh bilan birga Quraysh qoʻshini safida Abu Sufyonning savdo karvonini kutib olish uchun yoʻlga chiqqan. Ular paygʻambar Muhammadning qoʻshini kutib turgan Badr hududiga yetib kelgach, Abdulloh Quraysh safini tark etib, Badr jangida musulmonlar tomoniga oʻtgan. Jang paytida Saʼd ibn Abu Vaqqos oʻq bilan Suhaylning quymuch nerviga shikast yetkazgan. Umar Suhaylning oldingi ikki tishini sugʻurib tashlashni taklif qilib: „Shunda uning tili tashqariga chiqib turadi va u boshqa hech qachon sizga qarshi gapira olmaydi“, — degan. Biroq Muhammad paygʻambar bunga ruxsat bermagan. Suhayl qoʻllari boʻyniga bogʻlangan holda Madinaga olib kelingan va sobiq qaynsinglisi Savdaning uyiga olib borilgan. Savda uni bu ahvolda koʻrib: „Ey Abu Yazid, siz juda oson taslim boʻlibsiz! Siz sharafli tarzda oʻlishingiz kerak edi!“ — degan. Biroq u Suhaylning oʻz muxoliflari tomonida jang qilganini unutib qoʻygan edi. Keyinchalik Mikroz ibn Hafs ibn al-Axyaf Suhayl uchun tovon puli toʻlash masalasini kelishish maqsadida muzokara olib borish uchun paygʻambar Muhammadning oldiga kelgan. Muhammad paygʻambar uni ozod qilinishi evaziga tuyalarni soʻragan. Mikroz tuyalarni oʻzi bilan olib kelmaganligi sababli Suhayl tovon pulini toʻlash uchun Makkaga qaytguniga qadar Mikroz kafolat sifatida Madinada qolgan.

Suhayl 628-yilda tuzilgan Hudaybiya sulhini tuzishning yakuniy ishlarida muhim rol oʻynagan. U shartnoma musulmonlar tomonidan „Paygʻambar Muhammad“ nomi bilan emas, balki „Muhammad ibn Abdulloh“ nomi bilan imzolanishini talab qilgan, chunki Quraysh tomoni Muhammadning paygʻambarligini tan olmagan edi. Shartnoma yozib tugatilishidan oldin Suhaylning oʻgʻli Abu Jandal paydo boʻlib, musulmon boʻlganini va Madinaga ketishni istayotganini aytgan. Suhayl uning yuziga shapaloq urgan va Muhammad paygʻambarga ular endigina makkaliklarning Madinaga ketishiga yoʻl qoʻyilmasligi haqida kelishib olganlarini eslatgan. Muhammad paygʻambar rozi boʻlgan va Abu Jandal Makkaga qaytishga majbur boʻlgan. Umar Abu Jandalning yonida yurib, unga qilich bergan, chunki Abu Jandalning shu qilich orqali otasini oʻldirishiga umid qilgan. Biroq Abu Jandal bu qilichni olmagan.

Suhayl Ikrima ibn Abu Jahl bilan birga Makkada paygʻambar Muhammadga qarshi soʻnggi qarshilik harakatida Xandama dovonida jang qilgan. Biroq bu qarshilik Xolid ibn Valid boshchiligidagi otliq qoʻshin tomonidan tor-mor etilgan. Muhammad paygʻambar Makkaga gʻolib sifatida kirib kelganida Suhayl ham boshqalar qatori islomni qabul qilgan. Muhammad paygʻambar uning koʻnglini islomga yanada moyil qilish maqsadida yuz tuya sovgʻa qilgan.

Muhammad paygʻambarning vafotidan soʻng Suhayl Makkadagi musulmonlarni tinchlantirishga harakat qilgan. U Yarmuk jangida bir harbiy boʻlinma qoʻmondoni sifatida xizmat qilgan va vafotiga qadar qoʻshin safida xizmat qilgan.

Vafoti Al-Madoiniy Suhaylning Yarmuk jangida shahid boʻlib vafot etganini taʼkidlagan. Biroq Shofiʼiy va Al-Voqidiy uni Amvos vabosi vaqtida vafot etgan, degan fikrni bildirgan.

Manbalar

Adabiyotlar

Turkum:Sahobalar Turkum:Quraysh Turkum:639-yilda vafot etganlar Turkum:556-yilda tugʻilganlar