An-Nabiy Jurjis masjidi () — Iroqning Mosul shahrida joylashgan masjid. Masjiddagi maqbara aynan qachon qurilgani nomaʼlum, masjidning oʻzi XIV asrda Amir Temur tomonidan bunyod etilgan.
Tarixi Maqbaraning kelib chiqishi nomaʼlum. Ayrimlar dastlab ushbu obida Al-Hurr ibn Yusuf ziyoratgohi boʻlgan, biroq yillar davomida uni saqlab qolish maqsadida Avliyo Georgiy nomi berilgan deb hisoblaydi. Maqbara XII asrda Ibn Jubayr tomonidan yozilgan asarlarda kattaroq masjid majmuasining bir qismi sifatida tilga olingan. XIII asrda ijod qilgan Yoqut Hamaviy esa Avliyo Georgiyning qabri mavjudligi sababli ham Mosul „Avliyo Georgiy shahri“ nomi bilan mashhur boʻlganini qayd etgan. Amir Temur Mosulga kirib kelganidan soʻng, eski masjidni buzdirib, shaharni Jaloyiriylardan tortib olganidan keyin 1393-yilda ushbu obidaning oʻrnida kattaroq inshoot barpo ettirgan. Temuriylar shaharni butunlay vayron qilish oʻrniga mahalliy musulmonlar manfaatlari yoʻlida qadimgi islomiy muassasalarni, jumladan, masjidni ham taʼmirlash va saqlash ishlariga eʼtibor qaratgan. XVIII asrda esa Usmoniylar suzereniteti ostidagi Mosul hokimi Hoji Husayn posho al-Jaliliy masjidni taʼmirlab, shofiʼiylik fiqh maktabi uchun asosiy namozxonani qoʻshib qurdirgan. 1853-yilda eskirib, yemirila boshlagan eski minora oʻrniga yangi minora barpo etilgan. 1910-yilda yuz bergan zilzila masjidga zarar yetkazgan. Shundan soʻng inshootni mustahkamlash maqsadida masjid butunlay qumtoshdan qayta qurilgan, shuningdek, eski Temuriylar davriga oid gumbaz oʻrniga masjidning yangi asosiy gumbazi oʻrnatilgan.
2014-yilda terrorchi guruh Davla masjidda maqbara mavjudligi sababli uni butparastlik maskani deb hisoblab vayron qilgan. Davla Mosuldan quvib chiqarilgach, masjid asl koʻrinishida qayta qurilgan va 2024-yilda yaqin atrofdagi An-Nabiy Shis masjidi bilan birga ibodat uchun qayta ochilgan.
Meʼmorchiligi
Masjid Temuriylar meʼmorchiligi uslubida qurilgan boʻlib, ikkita asosiy namozxonaga ega. Ulardan biri shofiʼiyik mazhabiga, ikkinchisi esa hanafiylar mazhabiga tegishli. Shofi’iylik masjidi kataroq boʻlgani uchun ham koʻproq shu namozxonadan foydalaniladi. Birinchi namozxona toʻgʻri toʻrtburchak shaklda boʻlib, uchli ravoqlarga tayangan besh qismdan iborat. Ikkinchisi esa kvadrat shaklda boʻlib, toʻrt ustunga ega. Masjidning asosiy mehrobi muqarnas bezaklari bilan ishlangan. Aytishlaricha, Amir Temur inshootni qayta qurganidan soʻng bu mehrob boshqa maqbaradan bu yerga koʻchirib keltirilgan.
Qabr joylashgan xona asosiy namozxonalar yonida joylashgan. Xona kvadrat shaklda boʻlib, ustki qismi gumbaz bilan qoplangan. Avliyo Georgiyniki deb taxmin qilinadigan qabr esa polning markaziy qismida, oddiy sandiq ostida joylashgan.
Masjid minorasi Usmoniylar meʼmorchiligi uslubida qurilgan boʻlib, 1853-yilga mansub. Minora masjidning qolgan qismidan oʻzgachaligi bilan ajralib turadi, chunki masjidning oʻzi Temuriylar uslubida qurilgan boʻlsa, minora turk meʼmorchiligi asosida bunyod etilgan.
Galereya
Manbalar
Turkum:Iroqdagi gumbazli masjidlar Turkum:Iroqdagi minorali masjidlar Turkum:Mosuldagi masjidlar Iroqdagi sunniy masjidlar Turkum:Temuriylar masjidlari