L’Eclisse (Tutilish; ) — 1962-yilda Michelangelo Antonioni tomonidan suratga olingan Italiya va Fransiya hamkorligidagi romantik drama filmi. Filmda bosh rollarni Alain Delon va Monica Vitti ijro etgan. Film 1962-yilda Cannes kinofestivalida Hakamlar hay’atining maxsus mukofotiga sazovor boʻldi va „Oltin palma novdasi“ga nomzod boʻldi.
Syujeti
Iyul oyidagi dushanba tongi. Rimdagi kvartirada tun boʻyi davom etgan suhbat nihoyasiga yetgan edi, yosh tarjimon Vittoria sevgilisi Riccardo bilan munosabatlariga nuqta qoʻyadi. Riccardo uni qolishga koʻndirmoqchi boʻladi, ammo Vittoria endi uni sevmasligini aytib, eshikni yopib chiqib ketadi. Huvillagan koʻchalarda yolgʻiz kezayotgan qizga Riccardo yetib oladi va uyigacha kuzatib qoʻyadi. Ular shu yerda xayrlashadi.
Shu kuni Vittoria onasini izlab Rim fond birjasiga kirib keladi va yosh birjachi Piero bilan tanishadi. Piero uning onasi uchun ishlar edi. Orada Rim fond birjasi qulaydi va onasi taxminan 10 million lira yoʻqotadi. Piero Vittoriani oʻzining mashinasida onasining uyiga olib boradi va yoʻlda uni oʻpmoqchi boʻladi, ammo Vittoria uni rad etadi.Koʻp oʻtmay, kutilmagan hodisa yuz beradi, Pieroning mashinasini qandaydir mast kimsa oʻgʻirlab qochadi. Ertasi kuni tong otganda esa, fojia yuz bergan koʻl boʻyida har ikkisi jim qotib turishardi. Ularning nigohi suv qaʼridan kran yordamida sekin asta yuqoriga koʻtarilayotgan temir matohga va uning ichida qolib ketgan oʻsha baxtsiz kimsaning jonsiz tanasiga qadalgan edi, ammo bu mudhish manzara ham ularning sukunatga burkangan qalblarida hech qanday aks sado bermaydi.
Aynan shu hodisa ularni bir-biriga yaqinlashtirgan rishtaga aylanadi. Piero qizni ota-onasining uyiga taklif qiladi va ular birga boʻlishadi. Ammo Vittorianing ichki dunyosi hamon begonalarcha sovuq va daxlsiz edi. Keyinchalik, tepalikda turishganida Piero nikoh haqida soʻz ochgan lahzada, qiz tushunarsiz va alamli ohangda, „Qaniydi seni sevmasam yoki ancha koʻproq sevsam“ deydi. Pieroning esa daryoday joʻshib turgan tuygʻulari qarshisida qizning oʻz olamiga berkinib, hislarini bunday gʻalati ifodalashidan toqati toq boʻladi.
Shunga qaramay, ular har kuni uchrashib turishga ahd qilishadi. Navbatdagi uchrashuv yangi qurilayotgan bino yonida, har doimgidek soat kechki sakkizga belgilangan edi. Biroq, 1961-yilning 10-sentabri, yakshanba oqshomida bu yerga ikkalasi ham kelmaydi. Film xuddi shu nuqtada, tomoshabinni yana oʻsha tanish va kimsasiz manzaralarga qaytarish bilan yakun topadi, sahna uzra shamolda mayus shitirlayotgan daraxtlar, bekatda maqsadsiz avtobus kutayotgan odamlar birin-ketin koʻz oldimizdan oʻtadi, osmon bagʻriga asta sekin tun pardasi yoyilib, koʻcha chiroqlari birma bir yona boshlaydi.
Ishlab chiqarish Film ssenariysi Michelangelo Antonioni, Tonino Guerra, Elio Bartolini va Ottiero Ottieri tomonidan hamkorlikda yozilgan. Robert va Raymond Hakim prodyuserlik qilgan ushbu kartina „Interopa Film“, „Cineriz“ hamda „Paris Film Production“ kompaniyalari hamkorligida ishlab chiqarilgan. Rim va Verona shaharlarida suratga olingan filmning dialoglari italyan va ingliz tillarida olib boriladi.
Rejissyor Antonioni Florensiyada Quyosh tutilishini tasvirga olganidan soʻng, unda „L’Eclisse“ filmi gʻoyasi tugʻilganChatman, Seymour; Duncan, Paul (2004). Michelangelo Antonioni: The Investigation. Taschen. 84-bet. ISBN 978-3822830895.. Mazkur film Michelangeloning „L’Avventura“ (1960) va „La Notte“ (1961) kartinalaridan iborat norasmiy trilogiyasining yakuniy qismi hisoblanadiGazetas, Aristides (2008). An Introduction to World Cinema. McFarland. 246-bet. ISBN 978-0-7864-3907-2.. Tasvirga olish guruhida operator Gianni Di Venanzo, montaj ustasi Eraldo Da Roma va bastakor Giovanni Fusco faoliyat olib borgan.
Film ilk bor 1962-yil 12-aprelda Italiyada, oʻsha yilning 25-avgustida esa Fransiyada katta ekranlarga chiqdi. Tijoriy koʻrsatkichlarga koʻra, film Italiyada 305 million lira daromad keltirdi, Fransiyada esa tomoshabinlar ushbu film uchun 470 764 ta chipta sotib olgan.
Film 1962-yilgi Cannes kinofestivalida Hakamlar hay’atining maxsus mukofotini qoʻlga kiritdi va „Oltin palma novdasi“ uchun nomzod boʻldi. 2008-yilda film Italiya Madaniy meros vazirligining „Saqlab qolinishi kerak boʻlgan 100 ta Italiya filmi“ roʻyxatiga kiritildi. Mazkur roʻyxatdan 1942–1978-yillar oraligʻida suratga olingan hamda mamlakatning jamoaviy xotirasi (tarixiy tafakkuri) shakllanishiga kuchli taʼsir koʻrsatgan filmlar joy olgan.
Rollarda
Manbalar
Havolalar
Turkum:1962-yil filmlari Turkum:Italiya filmlari Turkum:Fransiya filmlari Turkum:Italyan tilidagi filmlar Turkum:Michelangelo Antonioni filmlari Turkum:Alifbo boʻyicha filmlar