„The Grapes of Wrath“ (; OʻzMEda ruscha tarjimasiga tayanib „Nafrat uchquni“ deya tarjima qilingan) – amerikalik yozuvchi John Steinbeck qalamiga mansub realizm janridagi roman. Ilk bor 1939-yil bosilib chiqqan. Muallifning eng taniqli asarlaridan biri boʻlib, AQSH milliy kitob mukofoti hamda Badiiy adabiyot boʻyicha Pulitser mukofoti bilan taqdirlangan. Steinbeck 1962-yil Adabiyot boʻyicha Nobel mukofoti bilan taqdirlanganda asarlari orasida ushbu roman koʻp tilga olingan.

Romandagi hodisalar Buyuk depressiya yillarida sodir boʻladi. Bosh qahramonlar dehqonchilik bilan shugʻullanuvchi Joadlar oilasi boʻlib, asarda ular qurgʻoqchilik, iqtisodiy qiyinchiliklar, qishloq xoʻjaligidagi oʻzgarishlar hamda bank musodaralari tufayli Oklaxomadagi uylarini tashlab, Kaliforniyaga koʻchib borishga majbur boʻladilar.

„The Grapes of Wrath“ romani AQSHdagi maktab va universitet adabiyot darslarida keng oʻrganiladigan asarlarning biridir. Rejissyor John Ford roman asosida ayni nomli filmni olgan. 1940-yil ilk bor namoyish qilingan film ikkita Oscar mukofotiga sazovor boʻlgan.

Manbalar

Turkum:AQSh romanlari